Haydar Jamol: "KXShTdan chiqish Karimovga qimmatga tushishi mumkin"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Haydar Jamolga ko‘ra, KXShTdan chiqish Prezident Karimovga qimmatga tushishi mumkin

O‘zbekistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXShT) chiqib ketish haqidagi qarori tashkilotga a‘zo davlatlar va tahlilchilar orasida bahslarni uyg‘otgan.

Mazkur qarorning rasmiy Toshkent tarafidan uzil-kesil izohlamangani tahlilchilarni turli farazlarni ilgari surishga undamoqda.

Tashkilot mutasaddilari tashkilotga a‘zo davlatlar xavfsizligiga rahna yo‘qligini ta‘kidlayotgan esalar-da, kuzatuvchilar nazarida, rasmiy Toshkent qadami Rossiya va O‘zbekiston munosabatlarini sovuqlashtirib yuborishi turgan gap.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a‘zo mamlakatlar hududida xavfsizlikni ta‘minlashni nazarda tutgan KXShTga hozirda Armaniston, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a‘zo bo‘lib qolishmoqda.

O‘zbekiston KXShTdan 1999 yilda chiqib ketgan va 2006 yil avgustida yana qayta a‘zo bo‘lib kirgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonni KXShTga qayta a‘zo bo‘lib kirish qaroriga 2005 yil bahorida Andijonda yuz bergan qonli voqealar ortidan rasmiy Toshkent va g‘arb davlatlari aloqalarining sovuqlashuvi sabab bo‘lgandi.

Rossiyalik taniqli tahlilchi Haydar Jamol O‘zbekistonning KXShTdan chiqish qarori uni taajjubga solganini aytadi.

Haydar Jamol: Meni taajjubga solgan narsa, Prezident Islom Karimovning uni ag‘darmoqchi bo‘lgan muxolif kuchlarga qarshi kurashda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti himoyasidan amalda voz kechgani bo‘ldi. U bu bilan Moskvani muxolif kuchlarga ehtimoliy tayanch kuchiga aylanishga undadi. KXShTdan chiqish Karimovga qimmatga tushishi mumkin. Rossiyadagi ekspertlarning umumiy fikri shundaki, Karimov jazolanadi.

BBC: Moskvaning javob amali qanday bo‘lishi mumkin?

Haydar Jamol: Meni o‘ylashimcha, Moskva hozirgacha o‘zi nazoratida bo‘lgan zahiralardan foydalanishi mumkin. Ya‘ni, hozirga qadar Kreml Karimovni unga qarshi bo‘lgan kuchlardan himoya qilib kelayotgandi. Endi esa yo‘llar ochildi. Endi Moskva muxolif kuchlarning faollashuviga e‘tiroz bildirmasligi mumkin.Bu ishni Kreml aynan Karimovni jazolash uchun ham qiladi.

BBC: Ko‘pchilik tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyo bo‘yicha aniq bir rejaga ega emas, O‘zbekiston esa, qo‘shni davlatlardan farqli, Rossiyaga unchalik qaram ham emas. Bunday holatda Kreml O‘zbekistonga nisbatan qay yo‘sinda bosim o‘tkaza olishi mumkin?

Haydar Jamol: Yo‘q bosim kuchiga emas. Lekin Moskvada bir aniq strategiya mavjud. Moskva Suriyani qo‘ldan boy berib qo‘yishga haqqi yo‘qligini yaxshi biladi. Chunki, Kremlning ishonishicha, Suriya ortidan AQSh boshchiligidagi ittifoq e‘tibori Eronga qaratiladi. Eron ortidan navbat Rossiyaning o‘ziga ham kelishi mumkin. Bu masalaga Markaziy Osiyo mintaqasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador.

BBC: Siz Kreml O‘zbekistonni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqqani uchun jazolaydi deb aytdingiz. Lekin amalda qay tarzda jazolashga qodir?

Haydar Jamol: Moskva birinchi navbatda qilishi mumkin bo‘lgan ish - yuqorida aytganimday, o‘zbek muxolifati bilan aloqa qilish. Bu tashlashi mumkin bo‘lgan eng ko‘rimsiz va birinchi qadam. O‘zbek muxolifatiga Rossiya hududida faoliyat yuritishiga izn berishi mumkin. Bundan tashqari, Kreml ochiqdan ochiq bo‘lmasa ham, maxfiy ravishda muxolifat rahbarlari bilan muloqot o‘tkazishi va hamkorlik qilishi mumkin. Shuningdek, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga o‘zbek muxolifatini dastaklasa, qarshi emasligini aytishi mumkin. Agar Tojikiston bordiyu o‘zbek muxolifatini qo‘llab-quvvatlasa va bunga O‘zbekiston kuch bilan javob qaytaradigan bo‘lsa, u holda rasmiy Toshkent Kollektiv Xavfsizlik Shatnomasi Tashkilotiga qarshi chiqqan bo‘ladi. Ana unda, KXShTiga o‘z a‘zosi Tojikistonni qo‘llab-quvvatlashga to‘g‘ri keladi.

BBC: O‘zbekiston mintaqadagi qo‘shnilari bilan aloqalari, yumshoq qilib aytadigan bo‘lsak, unchalik ham yaxshi emas. Ayniqsa energiya taqsimoti va suv masalalarida O‘zbekiston Tojikiston va Qirg‘iziston bilan anchadan buyon kelisha olmaydi. Kreml bugungacha ko‘p hollarda betaraf yoki O‘zbekiston yonini olib kelayotgandi. Uning bu mavqesi o‘zgarishi mumkinmi?

Haydar Jamol: Buning ham ehtimoli yo‘q emas. Moskva bu masalada ham Karimovga bosim o‘tkazishi mumkin. Lekin, mening nazarimda, Islom Karimov bularning barini taroziga qo‘yib o‘lchab ko‘rgan va KXShTning parchalanishi Rog‘un GESi masalasiga yechim topilishidan avval yuz beradi, degan xulosaga kelgan bo‘lsa, ajabmas.