Yozuvchi G‘affor Hotamovning asari yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan

Image caption Yozuvchi G‘affor Hotamov o‘tmishda Prezident devonida mas‘ul lavozimlarda ham ishlagan

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, taniqli adib G‘affor Hotamovning internetda tarqalgan hujjatli qissasi yuzasidan mahkama da‘vosi ochilib, surishtiruv ishlari boshlangan.

Tergovga yaqin manba‘larning BBCga aytishicha, "Taqdir ajoyibotlari yoxud Odil Yoqubov haqida" nomi ostida avvalroq "Yangi Dunyo" mustaqil saytida chop etilgan va "Qirq pari" nomi bilan ham atalayotgan qissa muallifining o‘zi, shuningdek, unda nomlari keltirilgan bir qator yozuvchi va shoirlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga chaqirib, so‘roq qilingan.

So‘roq tafsilotlari ma‘lum emas.

59 yoshli yozuvchiga qarshi mahkama da‘vosi shoir va Adliya vazirligining rasmiy nashri bo‘lgan "Inson va qonun" ro‘znomasining bosh muharriri Qo‘chqor Norqobil tarafidan ochilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Qo‘chqor Norqobil muallifni o‘zi va uning rafiqasi, shoira Hosiyat Rustamova sha‘nini haqorat qilganlikda ayblaydi.

Mahkama ishi Fuqarolik Kodeksining aynan qaysi bandi bo‘yicha ochilgani ma‘lum emas, ammo da‘vogar muallifdan raddiya va ma‘naviy tovon to‘lashni talab qilayotgani aytiladi.

Avvalroq internetda shoira Hosiyat Rustamovani himoya qiluvchi maqola paydo bo‘lgan edi.

"Ziddiyatli" qissa

O‘zbekistondagi adabiy doiralarda "ziddiyatli" deya baholanayotgan qissa kitob holida chop etilmagan bo‘lsa-da, uning elektron nushasi O‘zbekistondagi o‘quvchi-talabalar orasida ko‘plab tarqalgani aytiladi.

Qissada 1970-yillardan boshlab to shu kunlargacha sodir bo‘lgan ko‘plab, asosan adabiy jarayonlarga doir voqea-hodisalar tilga olingan.

Unda shuningdek, hozirda hokimiyatda yuqori lavozimni egallab turgan qator shoir va yozuvchilarning adabiy va insoniy shaxsiyatlari borasida ko‘pincha tanqidiy qarashlar izhor qilinadi.

Toshkentdagi manba‘lardan birining BBCga aytishicha, so‘roqqa chaqirilganlardan biri, jurnalist va shoir Islom Hamroga ushbu asarni "tarqatish" aybi qo‘yilgan.

Muallifning o‘zi qo‘rqitilgan, degan xabarlar ham bor.

G‘affor Hotamov qator ro‘znoma, jurnal va nashriyotlarda bosh muharrirlik lavozimini egallash bilan birga, 1990-yillar o‘rtalarida O‘zbekiston Prezidenti devonida mas‘ul lavozimlarda ishlagan.