Artur Grigoryan Hey va Chisora janggi haqida nima deydi? - suhbatimizda

Professional boksning WBC yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi uchun yaqinda bo‘lib o‘tgan jang ortidan, bir-birlari bilan yoqalashib, rosa tilga tushgan britaniyalik bokschilar Devid Hey va Derek Chisora 14 iyul kuni ringga tushishadi.

Bo‘lajak jang Lyuksemburg Boks Federatsiyasi ruxsati bilan uyushtirilmoqda.

Ikkovlonning ham jang o‘tkazishga litsenziyalari yo‘qligi bois, Britaniya Boks Kengashi ularning ringga tushishlarini taqiqlab qo‘ygandi.

Ringga tushishi kutilayotgan bokschilar o‘rtasidagi yoqalashuv shu yil fevral oyida Olmoniyaning Myunxen shahrida yuz bergandi.

Shundan so‘ng Jahon Boks Kengashi Derek Chisorani noma‘lum muddatga janglardan chetlatib, uning xulq-atvorini ham keskin tanqid qilgandi.

Derek Chisora, bundan tashqari, jang arafasida ukrainalik raqibi Vitaliy Klichkoning yuziga shapaloq tortgan va jangdan oldin uning ukasi Vladimir Klichkoning yuziga suv ham sepib yuborgandi.

Kengash qilgan qilig‘i uchun Derek Chisorani o‘z saflaridan chiqarib tashlagan va o‘z tasnifida eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi kamari uchun bellashishdan ham mahrum etgan. Katta miqdorda jarimaga tortgan. G‘azabni jilovlovchi kursalarga borishni tavsiya qilgandi.

Ammo kengash Derek Chisora o‘z talablarini bajaradigan bo‘lsa, uning ishi mahkama tinglovida ko‘rib chiqilib, jazolar biroz yumshatilishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagandi.

Derek Chisora ham qarab o‘tirmagan, kengash qarori yuzasidan shikoyat ariza bilan chiqqandi. Bokschining arizasi shu kunlarda ko‘rib chiqilishi kutilayotgandi.

Jahon Boks Kengashi yuz bergan mojaro yuzasidan chiqargan bayonotida hali biror bir professional bokschining o‘zini bu kabi yomon tutganiga guvoh bo‘lmaganini ta‘kidlagandi.

WBC tasnifida eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi uchun 18 fevral kuni Olmoniyada bo‘lib o‘tgan jangda Vitaliy Klichko yana bir bor o‘z kamarini himoya etishga muvaffaq bo‘lgandi.

Derek Chisora yoqalashib ketgan hamyurti Devid Hey esa, o‘tgan yil Vitaliyning ukasi Vladimir Klichkoga yutqazib, eng og‘ir vazn toifasida WBA yo‘nalishida Jahon chempionligidan mahrum bo‘lgandi.

Image caption Artur Grigoryan profesiional boksda "hamma narsa bo‘lishi mumkin", deydi

Biz yuz bergan shuncha mojarolar ortidan, ikkovlonning bir-birlariga qarshi ringga tushish qarorlariga o‘zbekistonlik dongdor bokschi, yengil vazn toifasida havaskor va professional boksda bir necha karra jahon chempioni Artur Grigoryanning munosabatini so‘radik:

Artur Grigoryan: Men bu ikki bokschining qanday boks tushishlaridan televizor orqali boxabarman. Agar boks olamidagi tushunchamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ular omma oldida yoqalashib, o‘zlarini rosa reklama qilib bo‘lishdi. Odamlar ham, "Vov, bittasi matbuot anjumani chog‘ida kimsan Vitaliy Klichkoning yuziga shapaloq tortgan, keyin bir-birlari bilan yoqalashib ketishgan, voh, qanday jang bo‘lsa kerag-a,.." deb o‘zlarini televizorga urishadi. Ya‘ni qilgan ishlari bilan janglari atrofida shov-shuv yaratib bo‘lishgan. Endi esa, shunchaki jang o‘tkazishadi, yaxshigina pul ishlab olishadi, ustiga ustak, g‘olib chiqqan bokschi yana Jahon chempionligi kamari uchun da‘vogarlik qila oladi. Bularning barchasi bekorga qilinayotgani yo‘q. Ham o‘zlari, ham odamlar va ham shu kabi janglar uchun jaraq-jaraq pul to‘lovchi televizion kanallar uchun qilinmoqda.

BBC: Artur aka, bu yerdagi ko‘pchilik shuncha mojarodan keyin ikkovlonning Britaniya Boks Kengashining ruxsatisiz yana ringga tushishlari boshqa bokschilarga yomon namuna bo‘ladi, degan gaplarni ham aytishmoqda. Siz ham bu fikrga qo‘shilasizmi?

Artur Grigoryan: Bilasizmi, bu professional boks. Professional boksda havaskoridan farqli tarzda, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Agar havaskor boks bo‘lganida, bunaqa ishlar uchun sizni bir necha yil ringga yaqin yo‘latmasliklari va hatto, uy qamog‘ida ham saqlashlari mumkin edi. Ammo professional boksda bunday emas. Tayyor reklama, shov-shuv, odamlarga ham, go‘yoki, boks o‘lgani yo‘q, tirik, deb ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Odamlar ham, "Nimanidir bo‘lisholmay qolishgan bo‘lsa, qani, ko‘raylik-chi, kim zo‘r chiqarkin", deb bo‘lajak jangni sabrsizlik bilan kutishmoqda. Lekin ikkovlonni ham super jang ko‘rsatish darajasidagi bokschilar, deb aytmagan bo‘lardim.

BBC: Sizningcha, bo‘lajak jangda kim g‘olib chiqishi mumkin?

Artur Grigoryan: Devid Hey. Chunki Devid Hey texnik va taktik jihatdan Derek Chisoradan ustun. Jang olib borish uslubi, zarbasining keskirligi va ringdagi tezligi bilan ham Devid Hey raqibini ortda qoldiradi. Ha, bu - boks, boksda bitta zarba hammasini hal qilishi mumkin. Ayniqsa, eng og‘ir vazn toifasi haqida so‘z ketganda... Ammo Devid Heydek bokschi qarshisida Chisora hech narsa qilolmaydi. Bu - mening bokschi sifatidagi shaxsiy nuqtai-nazarim.

Britaniyalik ikki bokschi o‘rtasidagi jang Londonning Apton-park (Boleyn Ground) stadionida bo‘lib o‘tadi va Britaniya vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.