Britaniya armiyasi Olimpiada O‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Image copyright AP
Image caption Britaniya hukumati Olimpiada O‘yinlari xavfsizligini ta‘minlash uchun 553 mln funt sterling (860 mln dollar) ajratgan.

Britaniya Qurolli kuchlari Olimpiya O‘yinlari chog‘ida xavfsizlikni ta‘minlash uchun, agar ulardan talab qilinsa, uch yarim ming harbiy bilan ta‘minlash uchun shay turibdi.

2012 yil Olimpiada O‘yinlarining boshlanishiga ikki haftadan sal ko‘proq vaqt qoldi.

BBC ma‘lum bo‘lishicha, O‘yinlar xavfsizligini ta‘minlashi kerak bo‘lgan G4S xususiy shirkati yetarli miqdorda qo‘riqchilarni yetkazib berishga ulgura olmayotir.

Qurolli kuchlar allaqachon Olimpiada uchun 13500 nafar harbiy ajratgan, biroq aftidan endi harbiylar sonini 17 mingga yetkazish kerak bo‘ladi.

Bu ko‘plab harbiylarning yozgi ta‘tillari bekor qilinishini anglatadi.

G4S shirkati bayonot tarqatib, "xodimlarni yollashda ma‘lum qiyinchiliklarga duch kelgani" haqida ma‘lum qilgan.

Shirkat Britaniya hukumati bilan 300 mln funt sterlingga (deyarli yarim milliard dollar) teng hamkorlik bitimi imzolagan va o‘z zimmasiga Olimpiada O‘yinlari xavfsizligini ta‘minlash vazifasini olgan.

Biroq, BBCga ma‘lum bo‘lishicha, G4S 10 ming qo‘riqchini ishga yollashga va ularni tayyorgarlikdan o‘tkazishga ulgura olmagan.

Xavfsizlik uchun yarim milliard funt

G4S shirkati xodimining aytishicha, shirkat Britaniya hukumati tomonidan yana qo‘shimcha kuchlar ajratilishidan xabar topgan.

Britaniya hukumati vakillari ta‘kidlashlaricha, bu holat Olimpiada xavfsizligiga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi.

Ichki ishlar vazirligi vakili izoh berishicha, qo‘shimcha kuchlar ajratish qarori tafsiloti payshanba kuni e‘lon qilinadi.

Britaniya hukumati Olimpiada O‘yinlari xavfsizligini ta‘minlash uchun 553 mln funt sterling (860 mln dollar) ajratgan.

O‘z navbatida London hokimiyati ham Olimpiada O‘yinlari xavfsizligiga juda jiddiy e‘tibor qaratilayotganini ma‘lum qilgan.

Hukumatdagi manbalar ma‘lumotiga ko‘ra, Olimpiada xavfsizligini, hammasi bo‘lib, 23700 nafar inson ta‘minlaydi.

G4S umumiy xavfsizlik tizimini nazorat etadi va qurolsiz qo‘shinlar bilan hamkorlik qiladi.