Suriyaning Iroqdagi elchisi isyonchilar tarafiga o‘tgan

Image copyright Reuters
Image caption Navaf Fares Suriyadagi murakkab paytda xalq bilan birgaligini aytgan

Suriyaning Iroqdagi elchisi Navaf Fares Bashar al-Assad tuzumining ayni paytdagi harakatlariga norozilik sifatida muxolifat tomoniga o‘tganini ma‘lum qilgan.

Janob Fares qudratdagi Baas partiyasining a‘zosi hisoblangan.

U Suriya hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga makon bo‘lgan Deyr Zur va Idlib shaharlarining hokimi bo‘lib ham ishlagan.

Bu Suriyadagi zo‘ravonliklar boshlangandan buyon yuqori lavozimli diplomatning muxolifat tomoniga birinchi bor o‘tishi sanaladi.

O‘tgan haftada sobiq mudofaa vazirining o‘g‘li general Manas Tlasning Parijga qochib o‘tgani xabar qilingan.

Navaf Fares muxolifat tomoniga o‘tganini Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali va "Al-Jazira" telekanaliga bergan intervьyusida tasdiqlagan.

Janob Fares o‘zining ham elchi, ham Baas partiyasining a‘zosi sifatida iste‘foga chiqayotganini bildirgan.

Navaf Fares Suriyadagi vaziyatni "shafqatsiz rejim jinoyatchilari tomonidan sodir etilgan dahshatli qirg‘in", deya ta‘riflagan.

U Suriyada endi haqiqiy islohot o‘tkazilishiga ishonmasligini aytgan.

"Men partiyaning boshqa a‘zolarini ham shunday qilishga chaqiraman", - deb aytgan Navaf Fares. "Men Suriya boshdan kechirayotgan ushbu murakkab paytda o‘zimni xalq inqilobida tomonida deb e‘lon qilaman", - degan u.

Navaf Fares 2008 yil Suriyaning Iroqdagi elchisi qilib tayinlangan edi.

G‘arb davlatlari BMT elchisi Kofi Annan ilgari surgan tinchlik rejasi bajarilmasa, Suriya hukumatiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish bilan tahdid qilishgan.

Ayni paytda, BMTda Suriyadagi xalqaro kuzatuvchilar missiyasini cho‘zish masalasi muhokama qilinmoqda.

Kuzatuvchilarga yuklatilgan yarashuvni nazorat qilish missiyasi zo‘ravonliklar davom etganligi bois amalga oshmagan.