Tojikistonda VICh virusiga chalinganlar soni 4 mingdan oshgan

Image copyright BBC World Service
Image caption 2008 yilda Tojikistonda 40 yaqin go‘dakning VICh virusiga chalingani aniqlangan

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vaziri bildirishicha, mamlakatda VICh virusiga chalinganlar soni 4084 nafarga yetgan.

Biroq norasmiy manbalarga ko‘ra, ushbu virusga chalinganlar soni amalda bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

VICh virusiga chalinganlardan 1 ming nafariga yaqinini xotin-qizlar va 120 nafardan ko‘prog‘ini yoshi 14ga yetmagan bolalar tashkil etadi.

Tibbiyot rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, 78 nafar go‘dak virusni o‘z onalaridan yuqtirib olganlar. Ammo 45 bolakayning VICh virusiga chalinishi sabablari hozirga qadar aniqlanmagan.

Tojikistonda SPID va VICh virusiga qarshi kurashish markazining raisi Murodali Ro‘ziyevning aytishicha, o‘tgan yillar ichida VICh virusini yuqtirib olganlardan 600 nafari, jumladan 12 go‘dak, olamdan o‘tgan.

2008 yilda Tojikistonda 40 yaqin go‘dakning VICh virusiga chalingani aniqlangan edi.

Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislariga ko‘ra, mamlakatda VICh virusini qisqa fursat ichida aniqlash markazlari oz bo‘lgani uchun bemorlarning aniq raqamini aytish imkonsiz.