O‘zbekistonda yana ikki o‘qituvchi pora bilan qo‘lga tushgan

Image caption Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlari orasida o‘z kuchi bilan oliy o‘quv yurtiga kira olish ishonchi juda past.

Oliy ta‘lim O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi, hali Sho‘rolar davridan "pul bilan o‘qishga kirish" muammosi keng tarqalgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin davlat imtihonlari o‘rniga test sinovlari joriy etilishi sabablaridan asosiysi ham tanish-bilishchilik yoki pora berib o‘qishga kirish oldini olishga qaratilgan edi.

Biroq sohani ichidan yaxshi biladigan insonlarning aytishlaricha, test tizimiga o‘tilganidan keyin "muammo yanada kuchaygan bo‘lsa kuchaygan, kamaymagan".

Har yili 1 avgust kuni butun O‘zbekiston bo‘yicha mobil telefonlardan sms-xabarlar yuborish xizmatlari butkul to‘xtatilishi ham oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi poraxo‘rlikni kamaytira olmagan.

Bundan 2 yil oldin O‘zbekistondagi Ekspert Ishchi guruhi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish qanchaga tushishini o‘rgangan, o‘shanda shakllangan pora miqdorini o‘z hisobotida keltirgan edi.

O‘shanda eng qimmati huquqshunoslik bo‘lib, unga kirish abituriyent uchun 25 ming dollargacha tushadi.

Iqtisod fakultetlariga 15 ming dollar talab qilinishi aytilgan.

Eng arzoni esa jurnalistika va xorijiy tillar fakulьtetlari ekan. Ammo ular uchun ham kamida 5 ming dollar kerak.

Bugun ham "eng qimmat" o‘quv yurtlari boshida huquqshunoslik instituti bo‘lib, huquqshunos bo‘lmoqchi abituriyentga 40 ming dollar kerak bo‘ladi.

Guruh kelgan xulosaga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlari orasida o‘z kuchi bilan oliy o‘quv yurtiga kira olish ishonchi juda past.

Tadqiqot natijasida oliy o‘quv yurtiga kirishning bir necha noqonuniy yo‘llari keltirilgan. Ular orasida pora berishdan tortib, katta lavozimdagi tanish-bilishlarni ishga solishgacha bor.

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtidagi korruptsiya to‘ri ta‘lim tizimidan tortib huquq-tartibot idoralarigacha, kuzatuvchilardan tortib muallimlargacha qamrab olgan.

O‘zbekistonda turli xil maxsus ko‘rik va olimpiada g‘oliblari imtihonsiz oliy o‘quv yurtiga kira oladilar. Lekin guruh kuzatuvchilariga ko‘ra, bu ko‘riklarda g‘olib chiqish uchun ham pora berish kerak.