London Olimpiadasida sizga nimalar taqiqlanadi?

London Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida tomoshabinlarga to‘p, raketka, frisbi(uchar likop) olib yurish, burg‘u, nog‘ora, vuvuzela va hushtakdan foydalanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, ularning o‘zlari bilan birga haddan ziyod ovqat yoki ovqat to‘la savat olib yurishlari ham mumkin emas. Faqat sendvichga ruxsat bor. Tomoshabinlar aeroportdagi kabi tekshiruvdan o‘tishadi. Faqat 100 ml. hajmdagi idishda bo‘lgan ichimlikni olib o‘tishlariga ijozat beriladi. Kecha e‘lon qilingan ikki sahifali ro‘yxatdan ayon bo‘lishicha, ularning biror bir "siyosiy bayonot" aks etgan libosda bo‘lishlari yoki jihozlarni ko‘tarib yurishlari ham man etiladi.

Image copyright

Havo xavfsizligi qo‘mondonining aytishicha, agar London Yozgi Olimpiada O‘yinlari xavf ostida qolsa, Tezkor Havo Kuchlari eng yomon holatda begona uchoqni urib tushirishlari mumkin. Havo kuchlari marshali muovini Styuart Ataning aytishicha, bu kabi qaror faqat "hukumat yuqori rahbariyati tomonidan beriladi". Bugun yarim tundan boshlab, London atrofi va Angliya janubi-sharqida havo hududi bo‘ylab qator cheklovlar kiritiladi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining ochilishiga bor-yo‘g‘i ikki hafta qolgan bir paytda tashkilotchilar xavfsizlik va naqliyot qatnovi bilan bog‘liq muammolarga to‘qnash kelishmoqda. Shartnomachi shirkat tomonidan yetarlicha sondagi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xavfsizlik xodimlarining yetkazib berilmagani bois, britan hukumati uch yarim ming nafar harbiyni safarbar etishga majbur bo‘lmoqda. Leyboristlar partiyasi esa, ularning oilalariga tekin chiptalar berilishini talab etmoqchi. Uzundan-uzoq navbatlardan shikoyatlar ortarkan, mas‘ullar Londonning yirik aeroportlarida migratsiya zobitlarining sonini oshirishga ham va‘da berishmoqda. Heathrow aeroporti va London markazini bog‘lovchi yo‘l favqulodda ta‘mirlash ishlari uchun yopilarkan, tashkilotchilar kelayotgan sayyohlar uchun muqobil yo‘llarni izlashga ham majbur bo‘lishmoqda.

Image copyright AP

Olimpiada qishloqchasi atrofidagi ko‘pqavatli turar-joy binolaridan birining tomiga baribir "Er-havo" rusumidagi ballistik raketa o‘rnatishga qaror qilindi. Oliy mahkama xonadon egalarining shikoyatlarini qondirmadi. Odamlar ballistik raketa o‘rnatilsa, uyimiz terrorchilarning nishoniga aylanishi mumkin, degan xavotirda edilar. Mas‘ullarga ko‘ra esa, shunday qilinsa, bexavotirroq bo‘ladi. London Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida butun shahar bo‘ylab oltita raketa tizimi o‘rnatilishi rejalanmoqda.

Image copyright PA

Britaniyalik meteorologlarga ko‘ra, Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida "quyosh kulib boqmasligi" mumkin. Bunday bashorat bilan Britaniya Meteorologiya boshqarmasi chiqqan. Boshqarma xodimlarining aytishlaricha, kelayotgan bir oy ichida ham hozir mamlakatni o‘z zabtiga olayotgan yomg‘irlar tinmasligi mumkin. Iyul-avgust oylari, odatda, Britaniyada iliq keladi. Ammo, mutaxassislarga ko‘ra, bu yil quyoshli kunlarga umid qilmasa ham bo‘ladi.

Image copyright PA

London Olimpiadasi va Paralimpiadasi g‘oliblariga topshirilishi kutilayotgan 4 ming 700 ta medal ham tayyor bo‘ldi. Medallarni ustalardan qabul qilib olgan tashkilotchilar esa, ularni Tauer qal‘asiga yuborishdi. Oltin, kumush va bronza medallari O‘yinlarning rasmiy ochilishi kuni - 27 iyulga qadar Britaniyadagi eng qadim binolardan biri bo‘lmish qal‘aning ishonchli seyflarida saqlanadi.

Image copyright BBC World Service

G‘oliblarga topshirilishi kutilayotgan medallarning o‘zi esa, Olimpiada O‘yinlari tarixidagi eng yirigi bo‘ladi. Ularning diametri - 85 millimetr, eni - 7 millimetr, og‘irligi esa, 400 grammni tashkil etadi. Ularning ustida rassom Devid Uotkins va uelslik zargar Lin Chunlar ishlashgan.

Image copyright PA

Britaniyadagi Muse guruhining Survival nomli kompozitsiyasi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining rasmiy madhiyasi bo‘ladi. Trek barcha musobaqalar arafasida o‘ynaladi va o‘yinlarning chetga teletranslyatsiyasi chog‘ida ham hamohanglik qiladi. Bundan tashqari, g‘oliblarga mukofotlarni topshirish marosimi paytida ham davlat madhiyalaridan avval, albatta, tomoshabinlar Survival kompozitsiyasidan bahramand bo‘lishadi.