Londondagi O‘zbeklar Olimpiada chog‘ida nima qilishmoqchi? - davomi

Image copyright Getty

O‘tkazilgan va o‘tkazilayotgan so‘rov natijalariga qaralsa, aksariyati londonliklardan iborat to‘rt milliondan ortiq britaniyalik Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida mamlakatni tark etish rejasida ekan.

Britaniyaliklarni o‘z mamlakatlaridan "qochib ketishga" undayotgan omillar esa, turli-tuman.

Ular eng avvalo "chetdan shuncha odamning oqib kelishi"ni nazarda tutib, yoz payti xoliroq joyda bo‘lsam, degan xayolda ekanlar.

Yana katta sondagisining uzukkun televizor orqali faqat Olimpiada O‘yinlarini tomosha qilishga toqati yo‘q ekan. Boshqasiga esa, sport umuman yoqmasligi ayon bo‘libdi.

Mahalliy sayyohlik agentliklariga ko‘ra, aynan Olimpiada O‘yinlari bilan bog‘liq muammolar sabab, britaniyaliklar orasida, hatto, Vetnamga ketish istagida bo‘lganlari ham bor ekan.

Britan aholisining kayfiyatiga Britaniya Qirollik xavfsizlik kuchlari 150 ga yaqin tahdidni bartaraf etish uchun batafsil reja ishlab chiqishmoqda, degan xabarlar ham ta‘sir qilibdi.

Ustiga ustak, Olimpiada O‘yinlari tashkilotchilari yana kiber hujumlar, ish tashlashlar, naqliyot tizimidagi jiddiy uzilishlar va yuqumli xastaliklarning potrab ketishi hollariga ham hozirlik ko‘rishayotgan ekan.

Agar "Meplkroft" tahliliy markazining ma‘lumotlariga qaralsa, Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida Britaniyaga o‘ziyam besh milliondan ortiq xorijlikning kelishi chamalanmoqda.

Dunyodagi eng yirik sport tadbiri esa, Britaniya poytaxtida 27 iyul kuni start oladi va 12 avgustga qadar davom etadi.

Bugun taqdir taqozosi bilan Londonda turli yumush yoki tahsilda band bo‘lgan o‘zbekistonliklar-chi? Ular Olimpiada O‘yinlari chog‘ida nimalarni rejalashmoqda?

Biz London Yozgi Olimpiada O‘yinlari arafasida Londondagi o‘zbekistonliklarga ana shunday savol bilan murojaat etdik va ularning javoblarini haftaning har juma kuni e‘tiboringizga havola etib borish niyatidamiz.

Navbatdagi suhbatdoshimiz London markazidagi hashamatli restoranlardan birida ishlaydi. Uning aytishicha, o‘zlari bilan birga hamkorlik qiluvchi korxonalar orqali London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining ochilish marosimiga tekin chipta olishga muvaffaq bo‘lishgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Suhbatdoshimiz yumushlari hozirdanoq oshib-toshib ketganiga qaramay, faqat ochilish marosimi bilan cheklanmasligi, qo‘ldan kelgancha Olimpiada bellashuvlarini ham tomosha qilishga harakat qilishini aytadi.

U o‘zbekistonlik sportchilar ishtirokidagi musobaqalarni ham bevosita tomosha qilish niyati borligi, agar ilojini topolmasa, televizor orqali bo‘lsa ham, albatta, kuzatib borishi va o‘z vatandoshlariga ishqibozlik qilishini ta‘kidlaydi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, restoranlariga kelayotgan turli davlat sportchilari bilan ham tanishib olishgan va ulardan dastxat yozdirib olishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Londondagi banklardan birida ishlovchi ilk suhbatdoshimizning aytishicha, o‘yinlar chog‘ida hech qayerga ketish niyatlari yo‘q va ta‘til olib, musobaqalarni tomosha qilish istagida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bilasizmi, biz oilaviy bo‘lib, futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining London Olimpiada O‘yinlariga kelishini juda-juda xohlagandik. Rosa ishqibozlik qildik. Ammo oxiriga kelib bo‘lmadi, Birlashgan Arab Amirliklariga yutqazib qo‘ydi. Boshqa o‘yinlarga esa, chipta ololmadik, internet orqali sotilarkan, yakuniy muhlatni o‘tkazib yuboribmiz", deydi ilk suhbatdoshimiz.

Lekin, uning aytishicha, haliyam butkul umidlari so‘ngani yo‘q.

"Kurash yoki shunga o‘xshash o‘zbekistonlik sportchilar qatnashadigan sport turlari bo‘lsa va shunga chipta olishga muvaffaq bo‘lsak, balki bitta yoki ikkitasini ko‘rgani borardik".

"Yana qachon shunaqa imkoniyat bo‘ladi, Xudo biladi,.." deydi suhbatdoshimiz.

Davomi bor.