Obidxon qoriga suiqasd: gumondor ayol o‘zbek maxsus xizmatlariga aloqasi yo‘qligini aytmoqda

Image copyright op.se
Image caption 200 dan ortiq o‘zbekistonlik qochqinlar Ostersunddagi mahkama zaliga yig‘ilganlar.

Shvetsiyaning Ostersund shahrida o‘tayotgan mahkamaning ikkinchi kuni suiqasd urinishiga ko‘maklashganlikda ayblanayotgan ayol O‘zbekiston maxsus xizmatlariga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Prokurorning "O‘zbekistonni tark etishdan avval maxsus xizmatlar bilan aloqa qilganmisiz?" degan savoliga "yo‘q" deb javob bergan ayol faqat chetga chiqish uchun militsiyadan ruxsat olganini ta‘kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chiqish vizasini olishda muammoga duch kelgan.

"Ishxonamdan muhr kerak edi, ammo ish beruvchi muhr bosib bermagan", - degan ayol.

Juma kungi mahkamada u o‘zi bilan birga suiqasdga ko‘mak berganlikda ayblanayotgan erkakning turmush o‘rtog‘i ekanini tasdiqlagan.

Ammo prokurorning savolidan anglashilishicha, erkak tergov chog‘ida o‘z ayolining akasi bilan uzoq yillardan buyon munosabati yo‘qligini da‘vo qilgan.

Prokurorning "bu sizni ajablantiradimi?" degan savoliga gumondor ayol "ha" deb javob bergan

"Dahshatga tushgan"

Shved tilida chiqadigan "Ostersund Posten" ro‘znomasi mahkama zalidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar bermoqda.

Ro‘znoma muxbiri Tord Anderssonning ayblanuvchidan iqtibos keltirishicha, u Obid qoriga suiqasd xabarini eshitganidan so‘ng "dahshatga tushgan".

Ayol o‘z holatini tasvirlarkan, yig‘lab yuborgan.

Prokuror uning nima uchun qotillik urinishida gumon qilinayotgan shaxsning harakatlaridan shubha qilmagani, uning kimligini surishtirmaganini so‘ragan.

"Men undan Shvetsiyada nima qilib yurganini so‘radim, ammo u javob bermadi", - deb aytgan ayblanuvchi.

Ayolning aytishicha, Stromsunddan qaytganidan so‘ng gumondorning puli ko‘pligi ko‘zga tashlangan.

"U qimmat mehmonxonada qoldi va yangi mobil telefoni sotib oldi", deya gumondor ayoldan iqtibos keltiradi "Ostersund Posten" ro‘znomasi.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, ular gumondor bilan birga Malmodagi turli do‘konlardan xarid qilishgan.

"Qizim ham men bilan edi. Men hech qachon undan jinoyat sodir etgan, deb shubhalanmadim", - deb aytgan suiqasdga ko‘mak berishda ayblanayotgan ayol.

U qotillikda gumon qilinayotgan shaxs o‘zlarining mezbonliklarini "suiste‘mol qilgani"ni ta‘kidlagan.

Juma kuni mahkama zalida yangragan ko‘rsatmadan ma‘lum bo‘lishicha, ayol va uning o‘zi bilan birga ayblanayotgan turmush o‘rtog‘i Obidxon qoriga suiqas urinishida gumon qilinayotgan shaxs Shvetsiyani tark etganidan besh kun o‘tib, suiqasddan xabar topishadi.

"Biz dahshatga tushdik va bu biz ziyorat qilgan odam bo‘lishi mumkin" deb o‘yladik, deydi ayol.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga "bunday bo‘lishi mumkin emas" deya tasalli bergan.

Keyinroq ayolning Moskvadagi akasi Nazarovning Shvetsiyaga borgan mehmon bilan hech qanday aloqasi yo‘qligiga ishontirgan.

Ammo ayni paytda ayol akasi undan mehmon haqidagi ma‘lumotlarni kompyuterdan o‘chirib tashlashni so‘raganini aytadi.

Mablag‘lar

Juma kungi mahkamada prokuror yana bir bor gumondor ayolning Shvetsiyada nimaning hisobiga kun kechirgani va Muhojirlik xizmatiga taqdim etilgan mablag‘larining kelib chiqishini surishtirgan.

Ayol o‘zbekistonda tarjimon bo‘lib ishlagani, ingliz tilini o‘rgatgani va oyda 300 dollar pul topganini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i taksi haydagan va oyda 200-250 dollar pul topgan.

Ayolning aytishicha, akasi va yaqinlari moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turishgan.

U Shvetsiyaga o‘zi 1700 dollar, turmush o‘rtog‘i esa 1000 dollar mablag‘ bilan kelishgani, ko‘p o‘tmay restorandan ish topganini aytgan.

Prokuror shu yilning o‘zida Shvetsiyada yashashga ruxsat olish uchun hujjatlarini Muhojirlik xizmatiga taqdim etgan o‘zbek ayolning bank hisobidagi 25000 dollar mablag‘ qayerdan kelgani borasida so‘roqqa tutgan.

Gumondorning aytishicha, bu mablag‘ni u O‘zbekistondagi "yirik shirkat"da ishlaydigan tanish ayoldan olgan va keyinroq qaytarib bergan.

Juma kungi mahkamada ayol o‘zining elchixonada ishlaganini ham tasdiqlagan, ammo shved ro‘znomasi keltirgan savol-javoblardan qaysi mamlakat elchixonasi haqida so‘z borayotgani anglashilmaydi.

Mahkama jarayoni davom etmoqda.

Shu yilning 22 fevral kuni Stromsunddagi uyi dahlizida otib ketilgan taniqli imom Obidxon qori Nazarov hanuz shifoxonada koma holatida qolmoqda.

Shved politsiyasi 2010 yildan buyon Shvetsiyada yashab kelgan er-xotinga nisbatan suiqasd urinishiga ko‘maklashganlik yuzasidan ayblov e‘lon qilgan.

Shved prokurori suiqasd urinishini amalga oshirgan shaxsga nisbatan qidiruv e‘lon qilinganini bildirgan.