Hamadagi janglarda 200 dan ortiq odam o‘ldirilgan

Image copyright AP
Image caption Damashq, Idlib va Hamada Tremsexdagi ommaviy qotilliklarga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Suriyadan kelayotgan xabarlarga qaraganda, Hama viloyatining Tremsex qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan janglarda 200 dan ortiq kishi o‘ldirilgan.

Muxolifat faollariga ko‘ra, Suriya hukumat kuchlari Tremsexni tikucharlar va tanklardan o‘qqa tutgan.

Qishloqqa kirib kelgan qurollangan kishilar odamlarni o‘ldirgan.

Xoms inqilobiy kengashining raisining Reuters agentligiga aytishicha, halok bo‘lganlarning deyarli hammasi tinch fuqarolardir.

Xabarlarga qaraganda, isyonchilar qo‘liga o‘tgan Tremsexni hukumat kuchlari qaytarib olishga urinmoqda.

Faollarning aytishicha, Damashq, Idlib va Hamada Tremsexdagi ommaviy qotilliklarga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Suriya Davlat televideniyesi xabarida qotilliklarni BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya masalasi muhokamasi oldidan "terroristik guruhlar"ning vaziyatni yanada chigallashtirishga urinishi, deya baholangan.

Muxolifat qotilliklarda hukumatni ayblagan.

Jazo choralari bilan tahdid

BMT Xavfsizlik Kengashidagi G‘arb davlatlari Suriyada tinch aholiga nisbatan zo‘ravonliklar to‘xtamas ekan mamlakat rahbariyatiga qarshi jazo cho‘ralarini qo‘llashni istashadi.

G‘arb davlatlari taklifiga ko‘ra, Suriyadagi xalqaro kuzatuvchilar mandatini uzaytirish rezolyutsiyaga sanktsiyalar haqidagi bandlar kiritilishi lozim.

Suriyadagi xalqaro kuzatuvchilar mandati kelgusi haftada tugaydi.

Ammo Rossiya sanktsiyalar kiritish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamagan.

Kuzatuvchilar mandatini yana 90 kunga chuzishni taklif kilgan.

Xabar qilinishicha, BMT va Arab Ligasining Suriyadagi maxsus vakili Kofi Anan yopiq majlisda agar Suriyada zo‘ravonliklar davom etaversa, buning uchun ham hukumat va ham muxolifat javob berishini aytgan.

Ayni paytda, Moskva BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annanni Suriya muxolifatiga jiddiy ta‘sir o‘tkazishga chaqirgan.

Suriya inqirozi 16 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov va Kofi Annan muzokaralarida muhokama qilinishi kutilmoqda.

Muxolifat tarafiga o‘tgan elchi

Suriyaning Iroqdagi elchisi Navaf Fares muxolifat tarafiga o‘tganini e‘lon qilgan.

Janob Fares Suriyada hukumatidan muxolifat saflariga o‘tgan ilk yuqori martabali diplomatdir.

O‘tgan hafta Prezident Assad oilasiga yaqin bo‘lgan bir general ham muxolifat tomoniga o‘tgan edi.

Janob Fares Suriyadagi vaziyatni "shafqatsiz rejim jinoyatchilari tomonidan sodir etilgan dahshatli qirg‘in," deya ta‘riflagan.

U Suriyada endi haqiqiy islohot o‘tkazilishiga ishonmasligini aytgan.