"Prezident pochchasining qotili ushlandi"mi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Prezident Rahmon yuz bergan hodisaga rasman biror bir munosabat bildirmagandi

Tojikistondan olingan xabarlarga ko‘ra, prezident Imomali Rahmon pochchasini o‘ldirganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan shaxs qotillikka iqror bo‘lgan.

Ammo tergov manfaatlariga zid ekani aytilib, uning ism-sharifi va shaxsi oshkor etilmayotir.

Tojikistondagi muxbirimiz Iskandar Firuzga ko‘ra, gumondor qotillik qurolini shahar janubidan oqib o‘tuvchi Dushanbe daryosiga otib yuborganini aytgan.

Endi qurilish shirkatlari qotillik sodir etilgan to‘pponchani topish uchun daryo suvini to‘sisharmish, deydi muxbirimiz.

Unga ko‘ra, hozirdanoq daryo bo‘yicha shunga o‘xshash harakatlarni kuzatish mumkin.

Hibs

Muxbirimizga ko‘ra, gumondor poytaxt Dushanbe va Xatlon viloyati markazi o‘rtasidagi Faxrobod militsiya postida qo‘lga olingan.

Uning jabrdiyda bilan bir joydan ekani, ya‘ni Xatlon viloyatining Vose‘ tumani yashovchisi ekani aytilmoqda.

Mas‘ullar ham hozircha faqat gumondorning tezkor-qidiruv amaliyoti chog‘ida topib, hibsga olinganini aytish bilan cheklanishmoqda, xolos.

57 yoshli Xolmo‘min Safarov Tojikiston prezidenti to‘ng‘ich opasining turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.

U davlatga qarashli "O‘rmon xo‘jaligi va ovchilik" birlashmasiga rahbarlik qilgan.

Safarov 13 iyun kuni tunda poytaxt Dushanbeda shahar avtovokzali yaqinida o‘ldirilgandi.

Prezident yaqiniga to‘pponchadan bir necha bor o‘q uzilgan va u hodisa joyining o‘zida jon taslim qilgandi.

Qotil yoki qotillar yashirinishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Tojikistondagi ayrim tahlilchilar yuz bergan jinoyatni Safarovning ish faoliyati bilan ham bog‘lashgandi.

Ulardan ayrimlari, "O‘rmon xo‘jaligi"ga ayrim jinoiy guruhlar qiziqib qolgan bo‘lishlari mumkin, degan taxminni ham ilgari surishgandi.

Xolmo‘min Safarov rahbarlik qilgan "O‘rmon xo‘jaligi va ovchilik" birlashmasi daromadli joylardan biri ekani aytiladi.

Tojikiston hududining 93 foizini tashkil etgan tog‘larning hammasi ana shu birlashmaga qaraydi.

Tojikiston Bosh prokuraturasi esa, yaqin-yaqingacha qotillik sabablari borasida bir nechta faraz ilgari surilayotgani, ammo hanuz aniq bir to‘xtamga kela olmayotganliklarini bildirgandi.

Bundan avvalroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi aniq miqdorini aytmagan esa-da, uning qotilini topishga yordam berganlarga katta miqdorda pul mukofoti va‘da qilgandi.