Toshkentda Neksiya avtomobili portlagan

Image copyright gazeta.uz
Image caption Portlash ortidan katta olomon to‘plangan

Yakshanba kuni ertalab Toshkentning Qo‘yliq bozori yaqinida harakat qilayotgan Neksiya avtomobilida gaz balloni portlagan. Portlash oqibatida mashina yaqinida bo‘lgan yo‘lovchilar jarohat olganlar.

Toshkentda joylashan gazeta.uz vebsayti xabar qilishicha, soat ertalabki 10 atrofida Toshkent halqa yo‘lida harakat qilayotgan mashinaning portlashi natijasida yaqin oradagi boshqa mashinalar ham shikast ko‘rgan.

Portlash oqibatida otilgan mashina qismi yaqin oradagi Vaz-2106 mashinasiga qattiq shikast yetkazgan. Matiz va Damas mashinalari kamroq shikast yeganlar.

Portlashdan so‘nggi ilk daqiqalarda hodisa joyini ko‘p sonli odamlar qurshab olishi natijasida yo‘l harakati deyarli butkul falajlangan.

Ko‘p o‘tmay hodisa joyiga yetib kelgan militsiya xodimlari yo‘lni odamlardan tozalashgan, ko‘cha farroshlari yo‘lni mashina qismlaridan tozalaganlar va harakat qayta tiklangan.

Insoniy talafotlar yoki portlash terror amali ekani yo emasligi borasida hozircha ma‘lumot tarqatilmagan. Guvohlarga ko‘ra, Neksiyaning haydovchisi olgan jarohatlari tufayli kasalxonaga yotqizilgan.