Frantsuzlarni otgan afg‘on askari dorga tortiladi

Image caption Tolibon harakati afg‘on politsiyasi va armiyasi safiga o‘z odamlarini kiritishga qattiq intilayotgani aytiladi

O‘tgan yanvar oyi Kapisa viloyatidagi amaliyot chog‘i afg‘on askari xorijlik hamkasblariga qarshi avtomatini to‘g‘rilab, yuzdan ziyod o‘q otadi. Oqibatda 5 nafar frantsuz askari nobud bo‘lib, ko‘pchilik jarohatlanadi.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘tgan 20 yanvarda frantsuz va afg‘on askarlari birgalikda Tolibon jangarilarini izlayotgan payti o‘rtada dahanaki jang kelib chiqadi. Shunda askar Abdul Sabur chet elliklarga qarshi o‘t ochishga tushadi.

Mazkur hujum ortidan Frantsiya Afg‘onistondagi o‘z qo‘shinlarini muddatidan bir yil oldin oldin chiqib ketishini aytgandi.

Dushanba kuni Kobuldagi harbiy mahkama askar Abdul Saburni dorga tortishga qaror qilgan.

Joriy yili afg‘on askarlari xorijlik hamkasblariga qarshi 18 marotaba o‘t ochishgan. Mazkur hujumlar natijasida kamida 26 nafar chet ellik harbiy qurbon bo‘lgan.

Abdul Sabur chet ellliklarga o‘t ochgani bois ushlanib, hukm qilinayotgan ilk afg‘on askaridir. Ammo u hukm yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqishi mumkin.

Askarning otasiga ko‘ra, o‘g‘li har vaqt ruhiy kasallikdan aziyat chekkan va kasalini yashirib, pora bilan harbiylar safiga qo‘shilgan.

Xalqaro kuchlar endilikda ishga kirmoqchi bo‘lgan afg‘onlarni obdon tekshirishmoqchi.

Abdul Sabur masalasida ruhiy kasalligi haqida da‘volar o‘rtaga chiqayotgan esa-da, umuman olganda, Tolibon isyonkorlari Afg‘on politsiyasi va armiyasi safiga o‘z odamlarini kiritishga qattiq harakat qilishayotgani aytiladi.