BBC navigation

Qozog‘istonlik eng yosh grossmeyster

Сўнгги янгиланиш 17 июл 2012 - 15:48 GMT

Qozog‘istonlik 12 yoshli Jansaya Abdumalik shu kunlardagi dunyoning eng yosh grossmeysteriga aylangan. 6 yoshdan shaxmat o‘ynashni boshlagan qizaloq bundan 4 yil oldin maktab o‘quvchilari orasida jahon chempioni ham bo‘lgandi.

Shaxmat tarixi davomida dunyoning eng yosh grossmeysteri bo‘lishi uchun Jansaya 2 oy kechikkan.

Ushbu nomni xitoylik Xou Ifan saqlab turibdi. U bu maqomni 2006 yili 12 yoshu 3 oyligida qo‘lga kiritgan edi.

Jansaya orzusi ayollar o‘rtasida mutloq chempion bo‘lish ekanligini aytgan.

Jansiyaning uyida mehmonda

Jansaya va uning oilasi bizni iliq qarshi olishdi. Olma ota shahrining chekkarog‘idagi massivdagi yangi qurilgan uydagi xonadonda dunyoning ayni damdagi eng yosh grossmeysteri Jansaya akasi, ukasi va ota-onasi bilan yashaydi.

Uy to‘riga prezident Nazarboyevning surati osilgan.

"Bu shunchaki "paxta qo‘yish" emas, kvartirani prezident sovg‘a qilgan", deydi kulib Jansayaning dadasi Doniyor Ashirov.

Jansaya akasi, ukasi va ota-onasi bilan yashaydi

Jansayaning xonasidagi kravotga 12 yoshli qizning 6 yil davomida to‘plagan medallari terib qo‘yilgan. Kitob javonlari shaxmatga doir kitoblar bilan to‘lgan. Bir chetda shaxmat taxtasi o‘yinga shay holatda turibdi.

Fursatdan foydalanib ayni vaqtdagi dunyoning eng yosh grossmeysteri bilan shaxmat o‘ynashga qaror qildim. O‘yin orasida Jansayani savolga ham tutdik. Jansaya 6 yoshidan shahmat o‘ynab boshlagan. Avvaliga shaxmat bo‘yicha murabbiy bo‘lgan dadasi unga va akasi Sanjarga o‘yinni o‘rgatgan. Keyinchalik shaxmat sektsiyalariga qatnay boshlagan. Ayni o‘yin yoshida bo‘lgan 6 yoshli qizaloqqa donalar ustida bosh qotirish zerikarli bo‘lmaganmi deya so‘raymiz.

"Menga yutish yoqqan. Yutganimdan keyingi baxtli bo‘lish, o‘zidan ko‘ngli to‘lish kabi hissiyotlar yoqqan. Bundan tashqari menga o‘ylash yoqadi, turli g‘oyalarni ko‘raman. Hammasi qiziq", - deydi shaxmat donalarini tez tez oldinga surib Jansaya.

Jansiya grossmeystlar uchun talab qilinadigan ochkolarni turli musobaqalarda g‘olib chiqib to‘pladi va ushbu unvonni qo‘lga kiritdi. Jansayaning rekord o‘rnatishiga 2 oy katta bo‘lganligi halaqit berdi.

Xitoylik Xou Ifan 12 yoshu 3 oyligida grossmeystrlik unvonini qo‘lga kiritgan edi. Jansaya barcha talablarni bajargan vaqti 12 yoshu 5 oylik edi. Ammo bu narsa Jansayaning ayni kunlarda eng yosh grossmeystr deb atalishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

- Endi turnirlarda o‘ynasam, o‘zim kichkina bo‘lsam ham grossmeyster deb yozishadi. Bu meni qovontiradi, - deydi shaxmat ustasi.

Jansaya boshqalar kabi maktabga bormaydi, internet orqali bilim oladi va topshiriqlarni ham internet orqali topshiradi. Umuman internet Jansaya hayotidagi uzilmas bir vositaga aylangan. Moskvadagi murabbiydan har kuni 3 soat internet orqali shaxmat bo‘yicha saboq ham oladi.

Jansaya shaxmatni tashlab qo‘ymoqchi emas, shu bilan birga siyosatchi bo‘lishni ham maqsad qilgan.

Jansiya bilan bir qo‘l shaxmat tashladik, ammo uni yutish imkonsiz...

- Men shaxmatni tashlamoqchi emasman. Shaxmat men uchun qiziq. Ayollar o‘rtasida mutloq chempion bo‘lishni istayman. Shundan keyin, deputat bo‘lsam deyman, - deydi Jansaya Abdumalik.

Jansaya shaxmatdan bo‘shagan vaqti uy ishlariga qarashadi. Yaqinda tuxumdan omlet pishirishni o‘rgangan, idish yuvish, uylarni tozalashda ham onasiga yordamchi. Mashg‘ulotdan so‘ng har kuni 2 soatlab suzishga harakat qiladi. Bu Jansayaning shaxmatdan dam olishiga katta yordam beradi. Umuman Jansaya g‘arb musiqasining shaydosi. Dam olayotganda va uzoq safarlarga uchayotganda unga musiqa hamrohlik qiladi.

Jansaya bilan o‘yinimiz 25 daqiqa davom etdi va grosmeystrning g‘alabasi bilan tugadi. Jansayaning dadasi o‘yin uzoqroq davom etgani bilan meni “ancha chidaganlikda” maqtadi. Qozog‘iston Ta‘lim vaziri bilan Ostonada bo‘li o‘tgan o‘yin 33 soniyada tugagan ekan.

Dunyoning eng yosh grossmeysterini oilaviy shaxmatchilar desa ham bo‘laveradi . Dadasi shaxmat murabbiyi, akasi ham shaxmat bo‘yicha master unvoniga erishgan. Hozir 5 yoshga kirgan ukasi 2 yoshida shaxmat o‘ynashni o‘rgangan va 3 yoshida 2 yurishlik motlarni ko‘ra bilgan.

Biroq, Ashirovlar oilasi harajatlarning o‘ta ko‘pligi bois oilaga bir shaxmatchi yetarli degan qarorga kelishgan va aka-uka bu sport turi bilan jiddiy shug‘ullanmadi.

Doniyor Ashirovning aytishicha, shaxmat bir taxta va o‘yinchidan iborat bo‘lsa ham dunyodagi eng qimmat sport turlaridan hisoblanadi.

Jansaya grossmeystlar uchun talab qilinadigan ochkolarni turli musobaqalarda g‘olib chiqib to‘pladi

"Mana siz shaxmat qanchalik qimmat sport turi deyapsiz. Singapurda Jansaya kuniga 6 soat shug‘ullandi. Agar Qozog‘istondagi narx bilan hisoblasak, soatiga 50 dollardan mashg‘ulotlarga berildi va haftasiga 300 dollar sarflandi. Bir oyiga 1200 dollar faqatgina murabbiy uchun to‘landi. Qo‘shimchasiga uning turar joyi, safar harajatlari ham bor. Jansayaning byudjetini hisob kitob qilganimizda, bir yilga 100 ming dollar ketib qoladi", deydi Doniyor Ashirov.

Jansayani hozir Kasparovning murabbiyi Nikitin Aleksandr shug‘ullantirmoqda. Skayp orqali kuniga 3 soat mashg‘ulot bo‘ladi va murabbiy ushbu xizmati uchun 150 dollar haq oladi.

Doniyor Ashirov Jansayaning asosiy homiysi o‘zi bo‘lib qolayotganini va g‘alabali odimlarni davom ettirish uchun dadilroq homiy kamlik qilayotganini aytadi.

Jansaya bu kabi muammolarga qaramasdan, orzularga to‘lib toshgan. Endigi maqsad yil oxirigacha jahonning kuchli 100 taligiga kirish va ayollar o‘rtasida chempion bo‘lish.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.