Obidxon qoriga suiqasd: Shvetsiyadagi mahkama nihoyalab bormoqda

Image copyright op.se
Image caption O‘zbekistonlik juftlik 15-may kuni Shvetsiya janubida hibsga olingandi

Shvetsiyaning Ostersund shahrida O‘zbekistonlik taniqli ulamo Obidxon qori Nazarovga qarshi suiqasd amaliga aloqadorlikda ayblanayotgan er-xotin ustidan mahkama ishi o‘z yakuniga yetib borayotir.

Obid qori Nazarov shu yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli tomonidan otib ketilgandi.

Asli o‘zbekistonlik juftlikka shu yil fevral oyida Stromsund shahrida imomni otgan shaxsga qotillikni uyushtirishda yordam berish ayblovi qo‘yilgan.

Suiqasdni amalga oshirgan asosiy ijrochining hanuz ozodlikda ekanini aytgan.

54 yoshli Obidxon qori Nazarov hamon shifoxonada koma holatida yotibdi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik er-xotin Obidxon qori Nazarovni otgan shaxsga imom yashagan joyni aniqlash va mehmonxona topishda hamda kira mashinasi olishga yordam bergan.

Juftlik borasidagi tergov ularning telefon qo‘ng‘iroqlari, kvitantsiyalar, kompyuter xizmatlari va bank hisoblaridagi o‘zgarishlarga asoslanadi.

Prokurorga ko‘ra, ayol, birinchi bo‘lib, Nazarovning manzilgohini internetda qidirib topgan.

So‘ngra eri bilan ijaraga mashina olib, Nazarovning kundalik hayotini o‘rganish uchun Stromsundga yo‘l olganlar.

Sudda er-xotinning qotillikda gumon qilinayotgan shaxs bilan muntazam aloqa qilib turgani aytilgan.

Seshanba kuni mahkama ishtirokchilari video aloqa vositasida Shvetsiya janubidan bo‘lgan ikki guvoh - ayblanuvchilar ishlagan korxona egasi va ular kirada turgan uy egasining ko‘rsatmalarini tinglagan.

Prokuror esa erkak ayblanuvchini Obidxon qori Nazarovga suiqasd amali arafasida va undan keyin Moskva bilan skayp orqali o‘tkazgan muloqotlari haqida so‘roqqa tutgan.

Mahkama ishida qatnashib, kuzatib kelayotgan o‘zbekistonlik muhojirning BBC bilan suhbatda aytishicha, mahkama jarayonida ayblanuvchi erkakning Obidxon qori Nazarovga suiqasd arafasida va undan keyin Moskvalik bir shaxs bilan izchil yozishma olib borgani ma‘lum bo‘lgan.

"Ayblanuvchilar bergan ko‘rsatmalar biz ilgari surgan da‘voni umuman kuchsizlantirgani yo‘q", - deb aytgan prokuror Krister Piterson shved matbuoti vakillari bilan suhbatda.

O‘zbekiston rejimining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan 54 yoshli Obidxon qori Nazarov olti yil muqaddam Shvetsiyadan boshpana olgan.

Mahkama ishi shu hafta oxirida nihoya topishi kutilmoqda.