Suriyaning sobiq elchisi: Asad kimyoviy qurolni ishlatishi ham mumkin

Image copyright AFP
Image caption Navaf Fares Suriya hukumatiga ortiq ishlay olmasligini aytgan

Muxolifat tarafiga o‘tgan suriyalik yuqori martabali siyosatchi BBC bilan suhbatda Asad hukumati, agar majbur bo‘lsa, kimyoviy qurolni ishga solishdan ham qaytmasligini aytgan.

"Bashar Asad kimyoviy qurolni ishlatishi ham mumkin," - deb aytgan Suriyaning Iroqdagi sobiq elchisi Navaf Fares.

Janob Faresning aytishicha, tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, bunday qurol allaqachon ishlatilgan bo‘lishi ham mumkin.

U, shuningdek, Suriyadagi qator yirik bombalashlar hukumat tomonidan al-Qoida hamkorligida amalga oshirilganini aytgan.

Ayni damda BMT va Arab Ligasining Suriyadagi vakili Kofi Annan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Suriya masalasida muhokama qilishi rejalangan.

Rossiya Suriyaning muhim ittifoqchisi hisoblanadi va mazkur uchrashuv Suriyaga nisbatan xalqaro bosimlar kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Suriyadagi BMT kuzatuvchilari missiyasi juma kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Kuzatuvchilar o‘z faoliyatlarini qaytadan boshlashlari uchun BMTning yangi rezolyutsiyasi lozim bo‘ladi.

Janob Faresning aytishicha, prezident Bashar Asad hokimiyatni osongina berib qo‘ymaydi.

Sobiq elchiga ko‘ra, Bashar Asadni faqat kuch bilan hokimiyatdan chetlatish mumkin.

Janob Fares 16 oy muqaddam prezident Asadga qarshi qo‘zg‘olon boshlanganidan buyon muxolifat tomoniga o‘tgan ilk yuqori martabali mulozimdir.

Iqtidordagi Baas partiyasi va qudratli xavfsizlik xizmatlarida yuqori lavozimlarni egallagan Navaf Fares Suriyada ekan bir necha viloyatga hokimlik qilgan.

U BBC bilan suhbatda Asad hokimiyati "alaloqibat ag‘dariladi", deb aytgan.

"Bu hukumatning qisqa fursat ichida ag‘darilishi aniq. Biz kamroq qon to‘kilishi uchun o‘sha kunlarning tezroq kelishini istaymiz", deb aytgan Navaf Fares.