Dushanbe Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda qolishiga "rozi bo‘lgan"

Image caption Dushanbedagi Rossiya harbiy bazasida 7 mingga yaqin rus harbiylari xizmat qilishadi

Rossiya Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Vladimir Chirkinning jurnalistlarga ma‘lum qilishicha, Tojikiston hukumati mamlakatdagi Rossiya harbiy bazasining 2014-yildan keyin qolishi shartlariga oid Moskva taqdim etgan bitim loyihasiga rozi bo‘lgan.

Rossiyaning "RIA-Novosti" axborot agentligining rus generaliga iqtibosan xabar berishicha, bitim loyihasida Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasi uchun haq to‘lamasligi qayd etilgan.

Tojikiston tomoni bu xabarga hozirga qadar hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.

Janob Chirkin tarqatgan xabar Rossiya va Tojikiston munosabatlari istiqboli aniq bo‘lmagan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Yaqinda rasmiy Dushanbe mamlakatda Rossiya harbiy bazasining qolishidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish niyatida ekanini bildirgandi.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, Tojikiston hukumati 201-harbiy bazaning mamlakatda qolish muddatini 49 yilga emas, faqat 10 yilga cho‘zdirishni istayotgandi.

Tojikiston hukumati harbiy baza uchun Rossiyadan 250 million AQSh dollari talab qilayotgani haqidagi farazlar ham ilgari surildi.

Vladimir Chirkin o‘tgan hafta Rossiya senati o‘ngida chiqish qilib, Tojikiston Rossiya harbiy bazasining mamlakatda salkam yarim asr qolishiga izn beruvchi bitimga rozi bo‘lmayotganini aytdi.

U Markaziy Osiyoda beqarorliklar va urushlar kelib chiqishi ehtimolidan ham ogohlantirdi.

Tojikiston Mudofaa vaziriligi uning bu ogohlantirishini "siyosiy mulohazasizlik" deya baholadi.

Rasmiy Dushanbega yaqin bo‘lgan manbalarga ko‘ra, Tojikiston hukumati Rossiyadan 20ga yaqin talabni ijro etishni so‘ragan. Tojikistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyadagi vaziyatini yaxshilash, Tojikistonga yuborilayotgan yoqilg‘i uchun bojxona tariflarini bekor qilish va sarmoya kiritish shular jumlasidandir.

Tojikistondagi 201-harbiy baza Rossiyaning xorij o‘lkalardagi eng yirik bazasi hisoblanadi.

Bu bazada 7 mingga yaqin harbiy xizmat qiladi.