Afg‘oniston: O‘zbekistondan kelayotgan 22 tanker portlatib yuborilgan

Image copyright Reuters

Shimoliy Afg‘onistonda o‘rnatilgan bomba hujumi bu yerdagi xorijiy kuchlarga yoqilg‘i olib ketayotgan 22 ta yuk mashinasini vayron qilgan.

Portlash oqibatida ulkan yong‘in chiqqan.

O‘zbekistondan kelayotgan yuk ulovlari shimoliy Samangon viloyatida tanaffus uchun to‘xtab turgan paytda portlatilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, portlovchi modda bir yuk mashinasi ostida o‘rnatilgan bo‘lgan.

Ammo ular yaqin turgani va yoqilg‘i olib ketayotgan bois ko‘plab avtomashinalar portlab ketgan.

Hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon o‘z bo‘yniga olgan.

Lekin bu kabi hujum shimoliy Afg‘onistonda hali kuzatilmagan edi.

Hujum tong saharda amalga oshirilgan va hozir qurbonlar borasida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Lekin portlash payti u yerda ko‘plab odamlar bo‘lgan.

Hali shanba kuni aynan shu Samangon viloyatida Afg‘on o‘zbeklari yetakchilaridan biri bo‘lgan qo‘mondon Ahmadxon Samangoniy o‘z qizining to‘yida o‘ldirilgan edi.

Janubiy Pokiston ta‘minoti yo‘lida yuk ulovlari tez tez hujumga tutilgani va Vashington hamda Islomobod munosabatlari taranglashib qolgani bois, NATO O‘zbekistondan o‘tuvchi shimoliy ta‘minot yo‘liga e‘tiborini oshirgan edi.

O‘zbekiston yo‘li eng xavfsiz, deb ko‘rilardi va bu yerdan hali NATO kuchlari chiqib ketishi ham mo‘ljallangan.

Shuningdek, Termizdan Mozori Sharifga qadar poyezd yo‘li o‘tqizilib, ishga tushirildi.

Ammo hozirgi hujum O‘zbekiston yo‘li ham qanchalik xatarnok bo‘lib qolishi mumkinligini ko‘rsatadi.