London 2012: "Kampirning dardi g‘ozada", qolganlarniki-chi?

Image copyright Getty

Butunboshli Olimpiada O‘yinlarining ustida o‘tirib, nega "inqi" chiqmay o‘tiribdi, deyayotgan bo‘lsangiz ajab emas.

Jurnalist "to‘kilishi" uchun "to‘lish"i kerakdek, nazarimda. "To‘lish" uchun esa, bahona kerak.

Ana shu bahonani izlash yo‘lidagi hozircha London markazidagi sa‘y-harakatlarimni-ku, endi qo‘yavering:

Men bir yonu, do‘konu restoran vitrinalari, metro bekatlariyu temiryo‘l vokzallari bir yon.

Ochilishiga sanoqli kunlar qolganiga qaramay, London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining "bahona"ga arzigulik nishonasi topilsa, ayting.

London markazida ko‘zingizga tashlangani - "Uimbley" sport majmuasi qayerda ekaniyu, Gayd-xiyoboniga qanday qilib borishga ishora qiluvchi yo‘l belgilari, xolos.

Hammasi - bir necha o‘n yillik Olimpiada O‘yinlariga bilvosita "tomoshabinlik" tajribamga ziddek...

O‘yinlarning ranggiyu ohangi qayda qoldi, deb yuborish darajasida: Na durustroq bir narsasi qilt etib ko‘zingizga tashlanadi va na jarangdorroq boshqasi shig‘ etib qulog‘ingizga chalinadi.

Ammo, shunda ham, xulosa chiqarishga sizni ham, o‘zimni ham shoshiltirmoqchi emasman.

Shu kunlarda London Yozgi Olimpiada O‘yinlari atrofida baralla va pichirlab gapirilayotgan gaplar ham borki, ularni qalamga olmaslik jurnalist uchun "insofsizlik" bo‘ladi nazarimda.

"Nozik masala"

Yillarki, London naqliyot tizimi mahalliy aholi, ular sabab, britan siyosatining ham "eng nozik" masalalaridan biriga aylanib qolgan emasmi, hozir ommaviy-axborot vositalari qolib, jamoat naqliyotlarida ham gapni qizitayotgani xuddi ana shu mavzu.

Kuniga minglab odamlar ishga qatnaydigan zamonaviy poyezdlarining kechikishi uchun birgina yomg‘irning o‘zi kifoya qiluvchi shaharda hozir hammani o‘ylantirayotgan asosiy savol - shuuncha qo‘shimcha odamga naqliyot tizimi dosh berarmikan?

O‘tgan hafta barchani London metro bekatlariyu yo‘llarida zir yugurtirib, naqliyot tizimlarida o‘tkazilgan maxsus "repetitsiya" esa, o‘z savollariga javob topolmay, dardlarini bir-birlariga pichirlab to‘kib solayotgan mahalliy aholining boshini yanada shishirtirgan.

Naq O‘yinlar arafasida Britaniyadagi eng yiriklaridan bo‘lgan Heathrow aeroporti va London markazini bog‘lovchi asosiy avtomobil yo‘li favqulodda ta‘mirlash ishlari uchun yopilarkan, barchaning "o‘tkir" nigohi hammani hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirayotgan britan hukumatiga qadalgan.

Ustiga ustak, O‘yinlarning xavfsizligini ta‘minlash uchun, hatto, odamlarning uylari tomiga ballistik raketa o‘rnatishga qaror qilingan mamlakatda oddiy qo‘riqchilar sonining yetishmasligi hukumat darajasidagi mavzulardan biriga aylangan: "Bu, albatta" hukumatning sentyabr oyidagi yig‘inida ko‘rib chiqiladi".

Bu ham qolib, o‘yinlar arafasida minglab odamlar oqib kelayotgan London aeroportlarida migratsiya zobitlari yetishmasligini ayting.

Muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi uchun siyosiy ochko olishning yana bir qoyilmaqom imkoniyati: "Ichki ishlar vaziri Tereza Mey albatta buning uchun javob berishi kerak".

Muxolifatmi, britan ommaviy-axborot vositalari, ololgan, mavjud vaziyat bahona, hukumatning qisqartirishlar siyosatini yana bir bor "taxtachaga olgan": "Shundoq tadbir arafasida pand berib qo‘ygan zamonaviy uskunalariga orqa qilishning o‘rniga, olgan qarorini "jonli odam"ning qadrini yaxshilab o‘ylab, bermaydimi?..". Texnika odam bo‘larmidi, a, labbay?

Siyosat darajasidagi mavzu

Olimpiada O‘yinlari bo‘lmaydimi, yomg‘irning keti uzilmayotgan bir manzarada ob-havoning ham siyosat darajasidagi mavzulardan biriga aylanganini aytmaysizmi?

Qaysi gazetani ochmang, qaysi veb sahifaga boqmang, qaysi kanalni buramang, barchani birdek o‘ylantirgan savol - hayf ketgan shuncha yoz kunlari mayli, hech bo‘lmasa, o‘yinlar chog‘ida quyosh kulib boqarmikan?

Metereologlar qolib, Britaniyadagi uncha-munchaga pul tikmaydigan manaman degan garov boylovchi shirkatlarning ham "bel bog‘lab", ob-havoni bashorat qilishga tushib ketganlariga nima deysiz:

Aniq bashorat qilganga 250 funt, London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining ochilish marosimida yomg‘ir yog‘adimi yoki yo‘q, pul tikadigan bormi? Aynan yomg‘irlar sabab, rekordlar soni ham ko‘p bo‘lmaydi, qancha tikasiz?...

"Ey, shoshmang, shoshmang, shu hafta oxiridanoq Britaniyaga odatiy yoz kunlari qaytadi. Havo oqimi shunga bashorat qilmoqda...".

Kechadan boshlab, butun ommaviy-axborot vositalari orqali yangrashni boshlagan bu kabi umidbaxsh bashoratlar bugun ham qovog‘i ochilmagan havo ostida ezilibgina ishga qaytgan Britaniyadagi hammani qanchalik ishontira olgani yana taqdirning hukmiga havola savol emasmi, ochiq qolgan. Kuzatishda davom etamiz.