Qiblaga yuzlanganda yog‘du taratuvchi joynamoz ixtiro etildi

Image copyright muslimtimes.org
Image caption Joynamozning hozircha faqat ikki nusxasi mavjud.

Londonda faoliyat yurituvchi asli turkiyalik dizayner So‘nar O‘zanj Makkaga yuzlanganda yog‘du beruvchi joynamozni ixtiro qilgan.

Hozirda bu noyob mahsulotning ikki donagina nusxasi bor - ularning birini Nyu-York Zamonaviy San‘at Muzeyi sotib olgan.

O‘zanj janoblari joynamozni ommaviy tarzda ishlab chiqarish uchun hozirda homiy qidirmoqda.

"Bu joynamoz haqida ko‘pgina tanqidiy qarashlar yangradi, ba‘zilar yorug‘lik juda kuchli bo‘lgani uchun namoz o‘qiyotgan odam chalg‘iydi deyishdi. Lekin joynamozning yon tarafida yorug‘likni o‘chirib qo‘yadigan tugmacha bor", - deb aytdi ixtirochining o‘zi.

Joynamoz "El Sajda" deb nomlanadi. "El" elektr yog‘duni anglatsa, "Sajda" arabchada joynamozni anglatadi.

Uning ichiga elektronik kompass o‘rnatilgan bo‘lib, u qibla qaysi tomonda ekanini aniqlash uchun ishlatiladi. Namozxon faqat joynamozdagi mitti kompyuterga o‘zining jo‘g‘rofiy joylashuvini kiritishi kerak.

Joynamoz qisman neopren kimyoviy moddadan yasalgan. Joynamozga pikselma piksel chizib chiqilgan masjid o‘zidan yorug‘lik chiqaradi. Masjid rasmi Istanbulning Sulton Ahmad masjidining nusxasidir.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu musofir musulmonlar uchun qiblaga yuzlanishni ancha osonlashtiradi.

Bu ixtiro haqida sizning fikringiz qanday?