O‘zbekiston Nogironlar jamiyati atrofida kechayotgan mojarolar

Image copyright none
Image caption Burxonov Hasanboy

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati faollari rahbariyat va O‘zbekiston Adliya vazirligining noqonuniy hatti harakatlaridan shikoyat etishgan.

Ularga ko‘ra, Nogironlar jamiyati rahbari qonunga zid ravishda ishdan chetlatilgan va o‘rniga faollar ta‘biricha, "nogironlar muammolaridan yiroq" yangi odam tayinlangan.

BBC O‘zbek Xizmatiga kelib tushgan audioda, go‘yoki, Adliya vazirligining diniy tashkilotlarni va jamoat birlashmalarni boshqarish bo‘limida ishlagan shaxsning zo‘rlik bilan muhr, xona va seyf kalitlari tortib olishga uringani yozilgan.

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati sobiq mas‘ullaridan biri Burxonov Hasanboyning aytishicha, audioyozuv mart oyi boshlaridagi hodisaga tegishli.

"Bu voqea Toshkent shahrida 2012 yil 5 mart kuni bo‘lyapti. Bu joy O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisining xonasida yuz bergan", deydi u.

Shu bilan birga, Burxonov Hasanboy 2011 yil 18 noyabrda nogironlar jamiyatining navbatdan tashqari konferentsiyasida 5 yilga rahbar qilib saylangan odam bosim ostida ishdan olingani va o‘rniga "nogironlar muammolaridan uzoqda bo‘lgan" shaxs tayinlanganini aytadi.

"Ariza olishgan majburan, "ishdan ketasan", deb. "O‘z xohishimga ko‘ra, sog‘lig‘im yomonlashgani bois", degan ma‘noda. Nogiron odam, 1-guruh nogironi, qo‘ltiqtayoqda yuradi qiynalib. Majburlab yozdirishgan arizani", deydi u.

"Ayblovlar asossiz"

Ammo, O‘zbekiston Adliya vaziriligi nodavlat notijorat diniy tashkilotlar boshqarmasi boshlig‘i Meliyev Xudoyor bunday ayblovlar butunlay asossiz ekanini aytdi. Unga ko‘ra, 2011 yil oxirida o‘tkazilgan konferentsiya qonuniy talablar buzilgan holda o‘tkazilgan.

"Mutlaq haqiqat emas. Chunki, biz shu masalalarni o‘rganganimizda, o‘sha nogironlar jamiyati eski raisi arizasini ko‘rganmiz. Haqiqatdan ham o‘zi tan olgan. Haqiqatdan ham, shu konferentsiya o‘tkazilayotgan payt hududiy bo‘limlarning qarorlari bo‘lmagan. Bir guruh nogironlar o‘zaro til biriktirishib, konfenertsiya o‘tkazishgan. Noqonuniy o‘tgan konferentsiya natijasida yangi rais saylangan. Qolgan nogironlar manfaatlariga mutlaq to‘g‘ri kelmaydigan konferentsiya bo‘lgan deyishimiz mumkin. Oqibatda yana shunday imkoniyat berilgan va yangi rais saylash masalasida qaror qabul qilishgan", deydi Adliya vazirligi rasmiysi.

Meliyev janoblarining aytishicha, jamiyatning sobiq rahbarlari ayni muassasaga katta miqdorda moliyaviy zarar yetkazishgani aniqlangan va hozir ularning ayrimlari ustidan jinoyat ishlari ochilgan:

"Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Masalan, rahbarlikdan olingan inson haqida gapiradigan bo‘lsak, jinoyat kodeksining 167-205-207-210- moddalarining turli qismlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular javobgarlikka tortilgan..."

Uning aytishicha, eski rahbarlarning Nogironlar jamiyatiga keltirilgan zarar miqdori 90 milliondan ortiqni tashkil etadi.

"Qonunbuzarliklar tufayli ishdan ketdim"

Nogironlar faoli Burxonov Hasanboy esa, O‘zbekiston nogironlar jamiyatida hozirgi kunda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotganini da‘vo qiladi.

"Faktlar bilan aytadigan bo‘lsak, mana bitta-ikkita nogironlar mana qo‘ng‘iroq qilib aytayapti: "Bizga bitta qog‘oz yozib beradigan bo‘lsak ham, birorta joyga murojaatnoma yozib beradigan bo‘lsa ham, pul olishyapti, odamlar mast holda yuripti bu yerga, tartibsizlik", deydi. Shu odam juda ko‘p adolatsizliklarni qilyapti. Man chidolmasdan, rais o‘rinbosari bo‘lib ishlagandim, u yerdan chiqib ketdim. "Nogironlar jamiyatida adolatsizlik, qonunbuzarlik holatlari avj surmoqda. Ushbu salbiy holatlarga sherik bo‘lmaslik maqsadida mani ishdan bo‘shatishingizni so‘rayman", deb chiqib ketdim", deydi Burxonov Hasanboy.

Uning aytishicha, o‘zi aytayotgan holatlar yuzasidan tegishli idoralarga qilgan murojaatlari birortasiga ham ijobiy javob berilmagan.

"Albatta, men o‘zim ham murojaat qilganman, qolaversa, shu tashkilotning sobiq rahbari ham murojaat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qilgan. Shaxsan o‘zim ham, O‘zbekiston Respublikasi MXXga, Prezident devoni, prokuraturaga marojaat qilganman. Lekin, o‘shandan keyin manga nisbatan tazyiq kuchayib ketdi. Birorta javob ololganim yo‘q", deydi Burxonov Hasanboy.

Adliya vaziriligidan Meliyev Xudoyor esa, bu iddaolarni rad etadi.

"Bu ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki, qaysidir jinoyati uchun javobgarlikka tortilib, 90 milliondan ortiq mablag‘ni jamiyatning foydasiga tiklab berishi kerak bo‘lgan odam nima qilib bo‘lsa ham shu narsadan qochishga harakat qiladi. Cho‘kayotgan odam nimaga bo‘lsa ham ochiladi-ku, cho‘pga ham osiladi, boshqaga ham osiladi. Bularning ahvoli ham xuddi shunday...Agar biror bir kishi shikoyat yozgan bo‘lsa shu nogironlardan, ularning shikoyatiga albatta, qonuniy asosda javob berilgan. Ijobiy degan so‘zni ishlatmaylik, ob‘ektiv, to‘g‘ri ko‘rib chiqilgan holda javob berilgan", deydi Xudoyorov janoblari.

Nogironlar jamiyati mustaqillikning dastlabki yillarida, 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi eng katta nodavlat notijorat tashkilotlaridan biri hisoblanadi.

Aytilishicha, hozir jamiyat 220 mingdan ortiq a‘zo hamda yuzdan ortiq mintaqaviy tizimlarga ega.

Jamiyat, avvalo, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari, O‘zbekiston "Mahalla" jamg‘armasi, xorijiy tashkilotlar yordamlari hamda Oliy majlis qoshidagi nodavlat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi moliyaviy yordamlari evaziga faoliyat qiladi.

Jamiyatni tashkil etishdan maqsad nogironlarni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekani aytilgan.