Obidxon qoriga suiqasdga aloqador ko‘rilgan er-xotin shartli ozod etilgan

Image copyright op.se
Image caption O‘zbekistonlik er-xotin ayblanayotgan mahkama qarorining 26 iyulda e‘lon etilishi xabar qilingan.

Shvetsiyaning Stromsund shahrida o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarovga suiqasdga aloqador ko‘rilgan er-xotinni mahkama hukmi e‘lon qilingunicha ozodlikka chiqarishga qaror qilingan.

Bir kun oldin prokuror ayblanuvchilarga 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi so‘ragan edi.

Mahkama qarorining 26 iyul kuni e‘lon etilishi xabar qilingan.

Obid qori Nazarov shu yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli tomonidan otib ketilgandi.

Asli o‘zbekistonlik juftlikka shu yil fevral oyida Stromsund shahrida imomni otgan shaxsga qotillikni uyushtirishda yordam berish ayblovi qo‘yilgan.

Suiqasdni amalga oshirgan asosiy ijrochining hanuz ozodlikda ekanini aytiladi.

54 yoshli Obidxon qori Nazarov hamon shifoxonada koma holatida yotibdi.

Mahkamada ko‘rsatma bergan Dovudxon Obidxon o‘g‘liga ko‘ra, shifokorlar otasining kelajagiga hech qanday umid yo‘qligini aytishgan.