Xitoylik rassom Ay Veyveyning shikoyat arizasi qondirilmagan

Image copyright Reuters
Image caption Ay Veyveyga ko‘ra, belgilangan yirik jarima uning ovozini o‘chirish, huquq himoyachisi sifatidagi faoliyatiga chek qo‘yish sifatida qilinmoqda.

Pekin mahkamasi xitoylik rassom Ay Veyveyga nisbatan soliq to‘lamaganligi uchun belgilagan katta miqdordagi jarimaga tortish qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Politsiya mahkamada dissident rassomning qatnashishiga imkon bermagan.

Xitoy soliq boshqarmasi Ay Veyveyning firmasini 2011 yilda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblab chiqqach, mahkama qarori bilan 2,4 mln AQSh dollari miqdorida jarima belgilagan edi.

Rassomning o‘ziga ko‘ra, mahkama qarori siyosiylashtirilgan va bu qarorni qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Xitoy hukumatining ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan rassom Ay Veyvey o‘tgan yili uch oylik qamoq jazosiga tashlangan.

Katta miqdordagi jarima hisobiga ozod qilingan rassom mahkama qarori bo‘yicha bir natijaga erishmaguncha to‘xtamasligini Twitterdagi sahifasida ma‘lum qilgan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Ay Veyveyning Fake Cultural Development ("Soxta madaniy rivojlanish") kompaniyasi soliq to‘lashdan bosh tortib kelgan va uni to‘lashga majburdir.

Rassomning aytishicha, politsiyaning doimiy kuzatuvida bo‘lganligi sababli mahkama ishiga borolmagan.

Fake Cultural Development kompaniyasi ish yurituvchisi Ay Veyveyning xotini bo‘lib, rassomning o‘zi dizayn masalalari bilan shug‘ullanadi.

Politsiya mahkama ishini kuzatishga kelgan diplomatlar va jurnalistlarni ham mahkama zaliga qo‘ymagan.

Ay Veyveyga ko‘ra, belgilangan yirik jarima uning ovozini o‘chirish, huquq himoyachisi sifatidagi faoliyatiga chek qo‘yish sifatida qilinmoqda.