MTSning O‘zbekiston banklaridagi hisoblari muzlatib qo‘yildi

Image copyright gazeta.uz
Image caption "Bilayn" va "Yusell" idoralari mijozlar bilan to‘lib ketgan.

Rossiyaning "MTS" mobil aloqa shirkatiga ko‘ra, "MTS-Uzbekiston" operatorining bank hisoblari muzlatib qo‘yilgan.

MTS matbuot xizmati rahbari Yelena Koxanovskayaning BBC bilan suhbatda aytishicha, MTS bank rahbariyatidan shirkat hisoblari qanday asosda muzlatilganini izohlab berishni talab qilgan, ammo hozircha javob olmagan.

"Bundan tashqari 17 iyul kuni mijozlarmizdan kelib tushgan to‘lovlar ham bizning hisobimizga o‘tkazilmagan", - deb aytdi MTS vakili.

U MTS-O‘zbekiston faoliyati yuzasidan boshlangan tekshiruv va tergov harakatlarini MTS ni O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarish, deya baholashlarini bildirdi.

"Protsessual jarayonlarni qo‘pol ravishda buzib, amalga oshirilayotgan qayta-qayta tekshiruvlar, do‘q-po‘pisalar va xodimlarning hibsga olinishini rossiyalik sarmoyachini mahalliy bozordan siqib chiqarish deya baholaymiz", - deb aytdi Koxanovskaya xonim.

O‘zaro ayblovlar

Elena Koxanovskaya O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining MTS aloqani birdan uzib qo‘yish bilan o‘zbekistonlik iste‘molchilarning huquqlarini poymol etgani haqidagi ayblovini rad etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MTS - O‘zbekiston 17 iyul kuni kun kech soat 6 dan boshlab o‘zining litsenziyasi muddati to‘xtatilishi haqida ko‘rsatma olgan va bu mavjud qonunlarga muvofiq MTS avtomatki ravishda mamlakat aholisiga har qanday turdagi xizmatni to‘xtatishi kerakligini anglatardi.

"O‘zbekiston Aloqa va Informatsiya Agentligidan olingan ko‘rsatmaga rioya qilib, biz 17 iyul soat 18 da aloqani to‘xtatdik va shunday qilishga majbur ekanligimiz haqida mijozlarga bildirish berdik", - deydi Koxanovskaya xonim.

Uning aytishicha, monopol shirkat bo‘lgan O‘zbektelekom MTSning magistral aloqasini uzib qo‘ygan va shirkat xohlagan taqdirda ham bu soatdan keyin mijozlarga xizmat ko‘rsatishning texnik imkoni yo‘q edi.

"Chunki bizning magistral aloqaga va antenna stantsiyalarmizga bog‘lanish yo‘llari to‘liq to‘sib qo‘yilgandi. Shuning uchun biz buni asossiz va ataylab, mijozlarni chalg‘itish uchun qilingan bayonot, deb bilamiz", deb aytdi MTS vakili BBC bilan suhbatda.

Ayni vaqtda shirkatning O‘zbekistondagi 9 yarim million mijozlarining aksari hanuz tarmoqdan uzilganicha qolmoqda.

- "Bilayn" hamda "Yusell" idoralari mijozlar bilan to‘lib ketgan.

"Bilayn" o‘z idoralarining shanba va yakshanba kunlari ham ochiq bo‘lishini e‘lon qilgan.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi MTS amaldagi tartibni buzgani vajidan uning litsenziyasini 10 kunga to‘xtatgan, ammo shirkat bu muddatdan keyin ham faoliyatini qayta boshlashiga ishonmasligini aytmoqda.

"Faoliyatmiz qayta boshlanishiga bizda ishonch yo‘q. Lekin shirkat ishga tushishi uchun hamma choralarni ko‘rayapmiz", - deb aytdi MTS so‘zchisi Yelena Koxanovskaya.