Suriya: Iroq va Turkiya chegarasida isyonchilar nazoratni qo‘lga olishgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Isyonchilar bin qancha chegara punktlarini qo‘lga olishgan

Suriya muxolifati mamlakatning Iroq va Turkiya bilan qator chegara punktlari isyonchilar qo‘liga o‘tganini xabar qilgan.

Iroq Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari Adnan al-Asadiyning aytishicha, Suriya-Iroq punktlari Suriya tomonidan to‘liq isyonchilar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Ayni paytda Suriya televideniyesi milliy xavfsizlik boshlig‘i Hoshim Ixtiyor chorshanba kuni Damashqdagi portlashlar natijasida olgan jarohati tufayli halok bo‘lganini xabar qilgan.

Bu xavfsizlik idorasiga qilingan hujum oqibatida Suriyaning to‘rtinchi yuqori lavozimli rahbarining o‘ldirilishidir.

Janglar Tobora kuchayayotgani, isyonchilar bir qancha chegara punktlarini ishg‘ol qilganliklari xabar qilingan.

Qurollangan guruhlar tomonidan Turkiya chegarasidagi Sarmada ham qo‘lga olingani aytilgan.

BBC muxbiri Jim Myuirning xabar berishicha, chegaradagi isyonchi guruhlar Suriya hukumat kuchlari asosiy e‘tiborni poytaxt Damashqqa qaratganidan foydalanishgan.

Iroq rasmiylariga ko‘ra, chegara punktlarining birida 20 dan ortiq harbiylar o‘ldirilgan.

Iroq va Turkiya chegara hududlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Ayni paytda Rossiya va Xitoy g‘arb davlatlari tomonidan ilgari surilgan Suriyaga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish rezolyutsiyasiga veto qo‘yishgan.

Rezolyutsiyaga ko‘ra, Damashqqa nisbatan turli diplomatik va iqtisodiy jazo choralari ko‘rilishi, aholi yashash joylaridan hukumat kuchlari chiqmagan taqdirda tashqi kuch ishlatilishi ko‘zda tutilgan.

Suriya televideniyesi Damashqdagi portlashlardan so‘ng birinchi bor prezident Bashar al-Assad ko‘ringan lavhalarni bergan.

Prezident Assad yangi saylangan mudofaa vaziri Fahad Freyjdan qasamyod qabul qilgan marosim qayerda bo‘lib o‘tgani aytilmagan.

Xabarlarga qaraganda, Suriya kuchlari Damashqda isyonchilarga qarshi yirik amaliyotlarni boshlagan.

Poytaxtning janubi-g‘arbiy va shimoli-sharqiy hududlaridagi janglarda tanklar, og‘ir artilleriya va jangovor tikucharlardan foydalanilgani aytilmoqda.