Tojikistonda 56 kishi ustidan mahkama boshlanadi

Image copyright none
Image caption Ayblanuvchilarga ta‘qiqlangan islomiy guruhlarning a‘zolari, deb qaralmoqda

Rossiyaning Interfaks agentligi xabariga ko‘ra, Tojikistonda ta‘qiqlangan islomiy guruhlarning a‘zosi deb ko‘rilayotgan 50 dan ortiq kishi ustidan mahkama jarayoni boshlanishi kutilmoqda.

So‘g‘d viloyat prokurori Sharif Qurbonovning matbuot anjumanida aytishicha, ekstremizmda ayblanayotgan 56 kishidan 54 tasi O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolikda, qolgan ikki nafari ta‘qiqlangan Hizbut Tahrir diniy tashkilotiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

"So‘g‘d viloyat prokuraturasi ushbu 56 kishiga ta‘luqli yettita diniy ekstremizmga aloqador jinoiy surishtiruv ishlarini tugatgan va hujjatlar mahkamaga oshirilgan.

Yaqin vaqtda mahkama bu ishni ko‘rib chiqishni boshlaydi", - deb aytgan janob Qurbonov jurnalistlarga.

Prokuror Qurbonovga ko‘ra, ayblanuvchilar keyingi oylarda olib borilgan tekshiruv natijalarida Tojikistonning shimoliy hududlarida qo‘lga olinganlar.

Hibsga olinganlarga jinoiy guruhlarni tuzish, milliy, irqiy, mahalliychilik va diniy adovatlarni qo‘zg‘ash , shuningdek, hukumatni ag‘darish va mamlakat konstitutsion tarkibiga o‘zgartirish kiritishga urinish ayblovlari qo‘yilmoqda.