Tataristonda muftiyga suiqasdda gumon qilinganlar ushlangan

Image caption Sodir etilgan hodisa Fayzov va Yakupovlarning xizmat faoliyatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan

Juma kuni ertalab Tatariston muftiysi Ildus Fayzovga suiqasd qilish va uning sobiq o‘rinbosari Valiulla Yakupovni o‘ldirganlikda gumon qilingan to‘rt kishi hibsga olingan.

Rossiya Qidiruv qo‘mitasi vakili Vladimir Markinning xabar berishicha, qo‘lga olinganlardan biri Makkaga Haj ziyoratini tashkil qilish bilan shug‘ullangan yirik "Idel Haj" kompaniyasining boshlig‘i Rustam Gataullindir.

Shuningdek, "Vaqf" idorasining rahbari Murat Galleyev, Visokogorsk tumani fuqarosi Ayrat Shakirov va Laishev tuman fuqarosi Azat Gaynutdinovlar ham voqeani sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingani aytilgan.

Janob Markinga ko‘ra, Ildus Fayzov Tataristonning bosh muftiysi sifatida "Idel Haj" tashkilotining pul jamg‘armalari ustidan nazoratni boshlagan.

Xuddi shu bois muftiy va tashkilot rahbariyati orasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Tashkilot rahbariyati Fayzovga tahdid qilgan.

Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov yuz bergan qotillik va suiqasdga aloqador odamlarni topishga yordam beradigan ma‘lumot uchun 1 mln rubl mukofot puli va‘da qilgan.

Diniy ulamoga suiqasd terrorchilik amali sifatida baholangan.

Juma kuni Qozon shahrida o‘z uyida otib ketilgan Tatariston muftiysi sobiq o‘rinbosari Valiulla Yakupov dafn etilgan.

Tatariston muftiysi va uning sobiq o‘rinbosariga hujum deyarli bir xil paytda turli tumanlarda musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlanishidan bir kun oldin sodir etilgan.

Tatariston prezidenti Rustam Mannixanov Rossiyaning Birinchi kanaliga bergan intervyusida sodir etilgan hodisa Fayzov va Yakupovlarning xizmat faoliyatlari bilan bog‘liqligini, bu ikki shaxs ham Tataristonda ekstremizmga qarshi kurashib kelgan diniy ulamolar bo‘lganlarini aytgan.