BBC navigation

Parchalangan Afg‘oniston va yo o‘zbek uchun bu yurtning qayeri bexatar?

Сўнгги янгиланиш 23 июл 2012 - 11:37 GMT

Afg‘oniston shimoliy poytaxti Mozori Sharifda bir necha yil oldin o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykalini shisha bilan to‘sishga to‘g‘ri kelgan - deya hikoya qiladi Rustam Qobil.

Sababi - haykal ochilishi bilan kimlardir shoir haykaliga hujum qilib, burnini o‘pirib ketishgandi.

"Buni kim qilgani hamon aniq emas, lekin ayni amal asli o‘zbeklarga qarshi qilingan bir amal bo‘ldi" - deyishardi Balxda men gaplashgan ko‘plab o‘zbek yoshlari - "Bular bizni o‘ziniki, deb bilmasa, qanday qilib biz bu mamlakatni o‘zimizniki, deya olamiz?!"

Mozori Sharif - urush girdobidan chiqolmayotgan Afg‘onistonda tinchlik va totuvlik timsoli edi. Zotan xorijiylar g‘ij-g‘ij Kobuldan tashqari men kezgan va ko‘rgan Afg‘oniston bu - shimol.

O‘zbeklar zich yashovchi shimolning 8 viloyatida har vaqt o‘zimni bexavotir va ishonchli odamlar qurshovida his qilganman. Sababi - o‘zbekligim.

O‘zbeklar yashamaydigan mintaqalar - mashhur qo‘mondon Ahmad Shoh Mas‘ud vatani Panjshir ham, Temuriylar o‘z davrida obod qilgan Hirot ham va yo ulkan Budda haykallari qoyalarga o‘yilgan Bomiyon ham men uchun nisbatan begona. U yerlarga haligacha borolganim yo‘q.

Tolibon tayanchi bo‘lgan va aksar pashtunlar yashovchi janubga - Qandahoru Helmandga borish esa bir xorijlik o‘zbek uchun o‘limni bo‘yinga olishga teng amal.

O‘zbek to‘nli forsiyzabon pashtun rahbar

Bu mamlakatda sening millating va maslaging ko‘p narsani anglatadi. Homid Karzay prezident bo‘lgani hamon o‘z qiyofasida mamlakatini birlashtirishga intildi: Millati pashtun, tili forscha, egnida o‘zbek choponi...

Ammo umummamlakat miqyosida olganda, Homid Karzay rahbarligi hali ulkan savol ostida. Yetakchilar har yerda aksaran millatiga, ba‘zida maslak yo mintaqasiga qarab tanlanadi.

Afg‘oniston uchun milliy masala hassos, lekin bu yerdagi to‘rtta ko‘p sonli millat - pashtun, tojik, hazora va o‘zbeklar orasidagi bo‘linish naqadar ulkanligi ham haqiqat.

Tojiklar yashovchi mintaqalarda Prezident Karzay suratlari yonida sizni Ahmad Shoh Mas‘ud kabi mujohid yetakchilar akslari kuzatib turadi. Hazoralar mahallalarida esa qo‘mondonlar Mozoriy va yo Muhaqqiq suratlari. O‘zbek mintaqalarida esa General Do‘stum rasmlari.

Prezident o‘zgarsa, Homid Karzayning suratlari almashishi aniq, lekin yonidagi mahalliy qo‘mondonlar - Shoh Mas‘ud, Do‘stum va yo Mozoriy akslari bu bo‘lgalarda hali uzoq yillar qolsa kerak.

O‘zbeklar ko‘p yashovchi Taloqanga ketar ekanman, isyonkorlik kuchli shimoliy-sharqda qanday ishlayman degan xavotir xayolimga mutlaqo kelgani yo‘q. Chunki o‘zbeklar ichida bir o‘zbekni kim farqlaydi deysiz? Aksincha, uchoq uchmaydigan bu mintaqaga eltadigan yolg‘iz avtomobil yo‘li meni vahimaga solardi. Sababi - do‘stlarim aytmoqchi, mendek bir chet ellik o‘zbek uchun pashtunlar yashovchi Bag‘lon va yo Qunduz yo‘llaridan o‘tib borish tahlikali edi.

Bu yerdagi aksariyat nazdida pashtunlar har vaqt Tolibonni qo‘llagan va qo‘llashda davom etaveradi.

Yo‘lda o‘zbek haydovchi rulni Qunduzga emas, balki ovloq Xonobod yo‘liga burarkan, shaharga kirib, eski tanishim - pashtun birodarimizni ko‘rib o‘tmaymizmi, deb so‘rayman o‘zbek hamrohlarimdan.

"Yo‘q, shart emas" - deyishadi qat‘iy ohangda - "Eson-omon Taloqanga yetib oling. Umuman, bu yerga kelganingizni aytishingiz ham shart emas o‘sha tanishiningizga. Pashtun ekan, kim biladi, Tolibon bilan aloqasi qanday?"

Bu fikr meni uchun quruq xavotirdek tuyuldi. Lekin bir narsani angladim: Afg‘onistondagi turlli millatlar o‘rtasida hamon o‘zaro ishonch yo‘q.

Ahvol shu darajadaki, faryoblik o‘zbek haydovchim tojik yo o‘zbek qishlog‘idan o‘tganda, o‘zini bemalol his qiladi, mashinasini to‘xtatib, suv yo non sotib oladi. Ammo pashtun yoki baluch maskanlariga yetganda tezlikni oshirib, hech yerda to‘xtamasdi. Sababi - ishonchsizlik va ular tolibonparast, degan qo‘rquv.

Soni oshmayotgan o‘zbeklar

Eng ko‘p sonli millat bo‘lmish afg‘onlar, ya‘ni pashtunlar orasida mamlakat bo‘ylab o‘z yetakchiliklari o‘rnatilishini qonuniy zarurat, deb biladiganlar ham bor. So‘nggi bora Kobulda odamlar bilan gaplashganda, men biroz tushunadigan forschada savol so‘rasam, ko‘plab suhbatdoshlarim nega endi pashtuncha emas, forscha gapirishimiz kerak, deb qolishardi.

Ammo ko‘plab boshqa millat vakillari Afg‘onistonda bir millat - eng ko‘p sonli pashtunlar yetakchiligi o‘rnatilishiga aslo toqat qilmasliklarini yashirishmaydi.

Hukumat Tolibon bilan murosaga borish niyatini e‘lon qilarkan, ko‘plab tojik, hazora va o‘zbeklar bu qadamni pashtunlar ustivorligini o‘rnatish harakati, deb talqin qila boshlashdi.

Ular nazdida pashtun prezident Homid Karzay hukumati boshqa bir pashtun harakati - Tolibon bilan birlashib, yagona millat hukmronligini kuchaytirmoqchi, xolos.

Ayrimlar esa qator yetakchilari o‘ldirilishi ortida fitna amali turgan, degan fikrlarga ham ishonishadi. Fitnaga ishonch hozir kundalik va maishiy holatlarda ham ko‘rinadi.

"O‘zbeklar eng ko‘p yashovchi viloyat - Maymanada bironta turk maktabi yo‘q" - deb noliydi Mozori Sharifga kelib, turk litseyida tahsil olgan o‘qimishli faryoblik yigit - "Chunki o‘zbek bolalari qardosh turk tilini o‘rganib, zamonaviy ta‘lim olishini Afg‘on hukumati istamaydi, shekilli".

Bundayin norozilik boshqalarda ham kuchli. Afg‘onistonda chorak asrki keng ko‘lamda aholi ro‘yxatga olinmagan. Ammo bir necha oy oldin bir idora mas‘uli mamlakatdagi hazoralar soni 9 foiz atrofida, deb chiqarkan, butun shia hazora jamoasi g‘azabga to‘ldi. Hazorlar o‘zlarini kamida 15-20% deb bilishadi.

O‘zbeklar ham o‘z sonlari borasidagi rasmiy hisoblarni shubha ostiga oladilar.

"Hali 1970-yillardagi Sovet entsiklopediyasida Afg‘onistondagi o‘zbeklar bir yarim million, deb ko‘rsatilgan" - savol qo‘yadi Sovet Ittifoqida tahsil olgan shimolliy o‘zbek ziyolisi - "O‘shandan beri Afg‘oniston aholisi soni ikki baravardan oshdi, ammo shimoldagi 8 viloyatda zich yashovchi o‘zbeklar soni turli manbalarda hamon bir-bir yarim million, deya qayd etiladi".

"Nima 40 yildan beri bu yerdagi o‘zbek ayollari bolqa tug‘mabdimi yo?"

Federalizm - bo‘linishmi yo birlashish?

Ko‘plab shimolliklar Afg‘onistonni federal mamlakatga aylantirish orzusini yashirishmaydi. Hatto atoqli afg‘onshunos g‘arbliklar ham mamlakatda tinchlik o‘rnatish uchun shunga o‘xshash bir yechimga kelish zarurligini ayta boshlashgan.

Biroq rasmiy Kobul va ko‘p sonli pashtunlar nazdida bu endi Afg‘onistonni zimdan parchalashga teng bir amal bo‘ladi.

"Biz barimiz bir afg‘onmiz. O‘zbek ham, tojik ham, pashtun ham - birodarmiz" - deydi pashtun tanishim - "Bizni federal qilib, bo‘lish noto‘g‘ri bo‘ladi".

Boshqa suhbatdoshlarim fikri esa tamomila o‘zgacha.

"Biz hammamiz birmiz - afg‘onistonlikmiz" - deydi o‘zbek talaba yigit - "Ammo men afg‘on emas, o‘zbekman. Har mintaqa va millat teng haq-huquqqa ega bo‘lishi uchun, janubdagi urushlar shimolni ham orqaga tortmasligi uchun federal bo‘lishimiz kerak".

So‘nggi yillar ma‘lum bo‘lgan maxfiy hujjatlarga ko‘ra, hali 60-70-yillari Britaniya va Rus imperiyalari orasida bufer hudud bo‘lgan Afg‘onistonni buyuk qudratlar kelishib, SSSR, Eron va Pokiston o‘rtasida bo‘lib tashlashga kelishganlar. Ammo Pokiston tarafi pashtunlar yashovchi janubiy Afg‘onitsonni olishni istamagan.

Shu asno ayni reja ham barbod bo‘ladi va Afg‘oniston bir butun saqlanib qoladi. Lekin uning ichidagi parchalanish har qadamda, har fikrda hano‘z seziladi.

Mozori Sharifda markazida esa Alisher Navoiy haykali hamon shisha to‘siq ichida. O‘zbek tanishlarimga ko‘ra, "yaxshi kunlar kelsa, bu haykal atrofidagi himoya to‘sig‘i olib tashlanadi, aksincha, Navoiy haykalining shu yerda turgani ham g‘animat".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.