Nega oddiy afg‘onlar ham qo‘lga qurol olishmoqda?

Image copyright AP
Image caption Afg‘onistonda ko‘pchilik turli qurolli guruhlardan himoyalanish uchun ham qurol sotib olishadi

"O‘z jonimiz va mol-mulkimizni himoya qilishimiz uchun yonimizda har vaqt qurol bo‘lishi kerak" - deydi taxorlik Ziyo - "Chekka hududlarda politsiya yetishmaydi, harbiylar ham yo‘q. Bo‘lganda ham ular sizni himoya qilishga qodir emas".

Ziyo o‘z oilasini muhofaza etish uchun oilasida kichik qurol borligini aytadi.

"Kichik to‘pponcha yo Kalashnikov avtomati sotib olgan oilalar oz emas" - deydi Ziyo.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Xost kabi notinch viloyatlarda oddiy odamlar ko‘chaga ham qurol olib yurishmoqda. Bu esa zo‘ravonlik ehtimolini kuchaytiradi, degan xavotirlarga yetaklayotir.

Afg‘onistonda qurol topish qiyin emas. O‘tgan 30 yillik urushlardan keyin odamlar qo‘lida nafaqat kalashnikovlar, balki tank va to‘plar kabi yirik qurollar ham qolgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Pokistonda ishlangan qo‘lbola to‘pponchalarni qora bozorda 400 AQSh dollariga sotib olish mumkin.

"Puldorlar esa ming dollardan oshiqroq turadigan qurollarni ham sotib olishadi" - deydi taxorlik suhbatdoshimiz.

Odamlarning aytishicha, ular Tolibon isnyokorlari tufayli emas, balki boshqa qurolli guruhlar hamda talonchilardan o‘zlarini himoya qilish uchun qurol saqlashadi.

Kelasi ikki yil ichida Afg‘onistonni xorijiy jangovor kuchlar tark etishi kutilarkan, oddiy insonlar orasida xavfsizlik yomonlashadi, degan xavotirlar ham ortmoqda.

Ayniqsa, hukumat ta‘siri zaif va qonun ustivorligi o‘rnatilmagan chekka viloyatlarda yana qurolli guruhlar hukmbardorligi kuchayishi ehtimoli aytiladi.

"Shunday sharoitda oddiy insonlar qurolga qarshi faqat qurol olib, o‘zlarini himoya qilishlari mumkin, xolos".