Arab Davlatlari Ligasi: "Bashar al-Assad ketishi kerak"

Image copyright AP
Image caption Damashq atrofi va Aleppoda janglar hamon davom etmoqda

Arab Davlatlari Ligasining tashqi ishlar vazirlari Suriya prezidenti Bashar al-Assadni o‘z vazifasidan iste‘fo berishga chaqirganlar.

Isyonchilar esa o‘tgan hafta Damashqda Suriya rahbarlaridan bir necha nafarining o‘ldirilishi ularni ruhlantirib yuborganini aytmoqdalar.

Isyonchilarning BBC muxbiri Pol Vudga aytishlaricha, to‘rt yuqori mulozimning o‘ldirilishi Assad hukumatiga kuchli zarba bo‘lgan.

Muxbirlarimizning aytishlaricha, u turgan joydagi islomiy isyonchilar xorijdan pul va qurol-aslaha olishmoqda.

Urushlar tun bo‘yi davom etgan.

Hukumat kuchlari Damashq bo‘sag‘alaridagi isyonchilar zabt etgan Barzeh va Mezzeh mintaqalarini qayta bosib olganlar.

Makzur va boshqa mintaqalarda, faollarga ko‘ra, isyonchilikda yoki isyonchilarga xayrxohlikda gumon qilingan ko‘plab insonlar qatl etilgan.

Suriyaning ikkinchi yirik shahri - Aleppoda ham janglar borayotgani xabar qilinadi.

"O‘tish davri hukumati"

Qatarda bo‘lib o‘tgan mavfqulodda yig‘in ortidan Arab Davlatlari Ligasining tashqi ishlar vazirlari prezident Assadni darhol iste‘fo berishga chaqirganlar va uning oilasiga Suriyadan chiqib ketishlari uchun imkon yaratilishini aytganlar.

Ular shuningdek Suriya muxolifatidan o‘tish davri hukumatini tuzishni so‘raganlar.

Biroq, qo‘shni Livandagi BBC muxbiri Jim Myuirning aytishicha, ularning bu chaqiriqlariga hech kim quloq solmaganga o‘xshaydi.

Janob Assad Suriya armiyasi bosh shtabining yangi qo‘mondoni bilan uchrashgan va unga isyonchilarni bostirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Ushbu uchrashuv o‘tgan hafta Damashqda Suriya hukumatining to‘rt yuqori mulozimi o‘ldirilishi ortidan bo‘lib o‘tgan.

Damashq tashqarisidagi isyonchilar BBC muxbiri Pol Vudga ushbu suiqasdlar hukumatga kuchli zarba bo‘lganini aytganlar.

Ularning aytishicha, bir paytlar barcha zir titragan armiya endilikda tarqalib ketgan va hukumat to‘laligicha kuchsizlangan armiyaga tayanmoqda.

Damashq yaqinida bo‘lgan BBC muxbirining aytishicha, isyonchilar Ozod Suriya Armiyasi va salafiylarga bo‘lingan.

Salafiylar yaxshiroq qurollangan, deydi Pol Vud, chunki ular chetdan pul va qurol-aslaha olishmoqda.

Ayni damda Ovro‘po Ittifoqi prezident Assad hukumatiga qarshi sanktsiya va qurol-yaroq embargosini kuchaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Suriya hukumatining yana 26 a‘zosi va unga yaqin bo‘lgan 3 shirkatga tegishli bank hisoblarini muzlatib qo‘yishga kelishib olganlar.

Ular Ovro‘po Ittifoqining qora ro‘yxatiga kiritiladi. Bu ro‘yxatga hozirga qadar Suriyadan 129 inson va 49 shirkat kiritilgan.

Bundan tashqari Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlardan Damashqqa qurol-aslaha yoda shubhali mahsulotlarni tashiyotgan uchoq va kemalarni tekshirib borish so‘ralgan.

Tekshiruvlar Ovro‘po Ittifoqi hududlarida o‘tkaziladi.

Britaniya va Frantsiya esa Ovro‘po Ittifoqidan suriyalik muhojirlarga ko‘proq yordam berishga chaqirmoqdalar.

"Biz Suriya chegaralaridan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan odamlarga insonparvarlik yordamlarni kuchaytirishimiz kerak", - deb aytgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilliam Heyg.

Bryusselga OI tashqi ishlar vazirlari uchrashuvga borgan janob Heygning ilova qilishicha, OI "Suriya muxolifatiga ko‘proq amaliy yordam berishi kerak".

Nazorat uchun janglar

Prezident Assadning inisi Maher qo‘mondonlik qilgan Suriya armiyasining to‘rtinchi elita diviziyasi Damashqdagi Barzeh mintaqasiga bo‘lgan hujumga yetakchilik qilgan, deya xabar beradi Suriya Inson Huquqlari Nazorat guruhi.

Faollarning Reyter axborot agentligiga telefon orqali ma‘lum qilishlaricha, Mezzehda hukumat kuchlari kamida 20 nafar erkakni "qatl etganlar".

Aleppo ustidan nazorat o‘rnatish uchun janglar hamon davom etmoqda.

Suriya davlat televideniyesi zo‘ravonliklar miqyosini pasaytirib ko‘rsatgan. Unga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari "terrorchilarni ovlamoqda".

Isyonchilar qo‘mondonlari Aleppo ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish va undan kurash nuqtasi sifatida foydalanish niyatida ekanliklarini aytganlar, biroq davlat televideniyesiga ko‘ra, ko‘plab qurolli isyonchilar chegeraning Turkiya tomoniga qochib o‘tganlar.

Suriyadagi BBC manbalarining tasdiqlashicha, isyonchilar Turkiya bilan chegaradosh Bab al-Salam o‘tish nuqtasini nazorat etishmoqda. Turkiya esa Suriya fuqarolari bo‘lmaganlar uchun chegarani butunlay berkitib qo‘ygan.

Yakshanba kuni sharqiy Deyr al-Zaur shahrida zo‘ravonliklar yuz bergani haqida xabarlar tarqalgan. Guvohlarga ko‘ra, shahar artilleriya hujumiga tutilgan.