Suriyada qaqshatqich janglar davom etmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Janglar bir paytning o‘zida Suriyaning turli shaharlarida davom etmoqda

O‘tgan kechada Suriyaning ikki katta shahri Damashq va Aleppoda qaqshatqich janglar to‘xtamagan.

Faollarning aytishicha, Aleppo shahrida tanklardan qilingan hujum natijasida turar joy binosi qulab tushgan.

Hukumat kuchlari Damashqda yana bir tuman Kabunda nazorat o‘rnatishganini aytishgan.

Suriya huquqni himoya qilish tashkilotlaridan birining xabariga ko‘ra, hukumatga qarashli armiya poytaxtning Mezzah tumanini ham qo‘lga olgan.

Davlat telekanali ko‘rsatgan lavhalarda o‘ldirilganlar va qo‘lga olingan qurollar ko‘rsatilgan.

Suriya armiyasi poytaxt Damashqning Barzex tumaniga hujumlarni boshlagan.

Faollar va bu hududda yashaydigan aholi xabar qilishicha, tikucharlar havodan tumanni hujumga tutmoqda, tanklar va zirhli texnika ko‘chalarga kirib bormoqda.

Ayni paytda isyonchilar Turkiya bilan chegaradagi yana bir o‘tish nuqtasi nazoratini qo‘lga kiritganlar.

Barzeh tumanidagi otishmadan oldin prezident Assadning ukasi Mohir qo‘mondonligidagi armiya kuchlari aholini ko‘chish kerakligi bilan ogohlantirgan.

BBC muxbirining xabar berishicha, hukumat kuchlari poytaxtda vaziyatni to‘la qo‘lga olisholgani yo‘q.

Londonda joylashgan Suriya Inson Huquqlari kuzatuv guruhining yangi hisobotiga ko‘ra, 2011 yil mart oyidan buyon Suriyada o‘lganlar soni 19 ming kishidan oshgan.

Bir kun oldin BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyadagi kuzatuvchilar mandatini yana bir oyga cho‘zgan.

Kuzatuvchilar missiyasi BMT bosh kotibi Pan Gi Mun va Xavfsizlik Kengashi Suriyadagi mojarolarning ikkala tomoni ham yarashuv shartlariga amal qilayotganini tasdiqlagach, davom etishi mumkin.

Damashqdan tashqari tumanlarda ham isyonchilar faollashgani kuzatilgan.

Suriyadagi asosiy muxolifat guruhlaridan biri - "Musulmon Birodarlar"ga ko‘ra, Suriya hokimiyati ko‘p sohalarda qulab bormoqda.

"Musulmon Birodarlar" aytishicha, bunday sharoitda jamoat xavfsizligini ta‘minlash va fuqarolarning asos huquqlarini himoya qilish har bir kishining mas‘uliyati bo‘lishi lozim.

Suriyadan chiqib ketayotgan qochqinlar oqimi kuchaygan.

Bir kun ichida 3000 dan ortiq kishi Iroq chegarasidan o‘tgan.

Keyingi 48 soat orasida qo‘shni Livan chegarasini qariiyb 30 ming suriyalik kesib o‘tgani qayd etilgan.

Iordaniya rasmiylari to‘rt kun ichida 2500 qochqin mamlakatga kirganini aytishmoqda.