Krimskdagi suv toshqinida tojikistonlik muhojir bir necha odamni qutqarib qolgan

Image copyright Reuters

7 iyul kuni Rossiyaning Krimsk shahrida sodir bo‘lgan suv toshqinida tojikistonlik mehnat muhojiri 6 odamning umrini saqlab qolgan.

Rossiyaning axborot almashishga mo‘ljallangan pikabu.ru sayti tomonidan tarqatilgan ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan mavzuga aylangan.

Haqiqiy qahramon deya talqin qilinayotgan yigitning rasmi chop etilgan, ammo uning ismi sharifi aytilmayotir.

pikabu.ru saytida apack nomli yuzer "oddiy o‘zbek yigiti 6 kishining hayotini saqlab qoldi, ammo televideniyada bu haqda hech qachon ko‘rsatishmaydi", sarlavhasi ostida xabar qoldirdi.

Apack ning yozishicha, uning shaxsan o‘zi ushbu yigit qutqarishda faol ishtirok etgan Krimskdagi ko‘cha odamlari bilan gaplashgan va turg‘unlarning hammasi tojikistonlik yigitning qahramonligini tasdiqlashgan. Biroq yigitning o‘zi bu haqda gapirib berishga uyalgan.

"Krimskda fojea. Soat tungi 3. Tojikistonlik oddiy yigit suv bosayotganini ko‘rib qoldi. U qichqirib, uylar oralab yugurdi. Tom va derazarlarga tosh otdi. Ushbu oddiy yigit mahalladagi barchani uyg‘otdi. Havo bilan to‘ldirilgan ko‘rpada 6 kishini qutqardi. Biroq 7 chi onaxonni qutqarolmadi. Deraza panjarali edi, eshik esa suv ostida qolgandi. U bo‘g‘ilayotgan ayolning qo‘lini ushlab turdi. Hech qayoqqa qochib ketmadi, qariya yigitning qo‘lini ushlagan holda jon taslim qildi", - deydi Apack ismli foydalanuvchi.

Ushbu yigit haqida ma‘lumot to‘plagan Apack: "Nima uchun haqiqiy qahramonlar haqida gapirishmaydi. Sababi odam boshqa davlatdan va dini boshqa bo‘lgani uchunmi? U men uchun qahramon va u haqda bilishlarini istayman", deydi.

Apack yigitning o‘zbek ekanligini yozgan va tez kunlarda ushbu yigit haqida tasvirga olingan videoni chop etishini bildirgan.

Ismi noma‘lum o‘zbek yigitining qahramonligi rusiyzabon internet olamida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Fikr qoldiruvchilarning bir qismi nima sababdan bu kabi qahramonlar davlat nashrlarida umuman ko‘rsatilmasligini savol ostiga olgan. Va millatchilikka qarshi ekanligini bildirgan.

Ikkinchi tomon esa birgina qahramonlik mehnat muhojirlari tomonidan sodir etilayotgan boshqa jinoyatlarni yuvmasligi kerak degan fikrni bildirgan.

Rossiyadagi inson huquqlari faoli Bahrom Hamroyev millati va diniga qarab aymirmachilik qilish Rossiyada davlat mulozimlari darajasigacha ko‘tarilgan muammo ekanligini aytadi.

"Putin rus xalqini davlatning asosini tashqil qiluvchi millat deya gapiradi. Bundan qolganlar ikkinchi darajali odamlar degan gap kelib chiqadi. Bu har qanday millatni chuqur mushohadaga chorlaydi. Millatchilik bor narsa", - deydi Bahrom Hamroyev.

Inson huquqlari faoliga ko‘ra Rossiyada millatchilik jamiyatni fikrini boshqarish bilan ommaviy axborot vositalari orqali ham singdiriladi. Bugungi kunda prokuratura, politsiya kabi huquq tartibot organlarida boshqa millatlarga nisbatan ikkinchi darajali munosabat odatiy holga aylangani aytiladi.

Shunga qaramasdan, millatchilikka va turli ayirmovchilikka qarshi bo‘lgan fuqarolar guruhining borligi ham ta‘kidlanadi. Ularning o‘rni va soni ozligicha qolayotgan bo‘lsa-da, o‘z munosabatlarini bildirishga harakat qilayotgani e‘tirof etiladi.