Betmen filmi namoyishidagi qotillik bo‘yicha mahkama boshlangan

Image copyright Getty
Image caption Dastlabki mahkama jarayonida Jeyms Xolms juda sovuqqon va uyqusiragan holda o‘tirgan

Kolorado shtati Avrora shahridagi ommaviy qotillikning ijrochisi Jeyms Xolms mahkamasi boshlangan.

24 yoshli Xolms mahkama jarayonida o‘z hissiyotlarini oshkor etmagan, uyqusiragan holda o‘tirgan.

Jeyms Xolms "Qora ritsar: afsonaning tug‘ilishi" filmi namoyishi paytida 12 kishini otib o‘ldirganlik va 58 kishini yaralaganlikda ayblanmoqda.

Jarohat olganlardan to‘qqiz kishining ahvoli hamon og‘irligi xabar qilingan.

Prokuror Xolmsni mahkama ayblovi o‘qilgunicha Koloradoning Sentennial qamoqxonasida hibsda qoldirishga qaror qilgan.

Amerika prezidenti Avrora kinoteatridagi fojeani boshdan kechirgan odamlarni kasalxonaga borib ko‘rgan.

Halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan uchrashgan Barak Obama davlat rahbari sifatidagina emas, ota va turmush o‘rtoq sifatida insonlarning dardiga sherik ekanligini bildirgan.

Ayni paytda Xolmsning oilasi yozma murojaat bilan chiqqan.

Maktubda aytilishicha, "Bizning qalbimiz bu fojeani boshdan kechirganlar, ularning oila a‘zolari bilan birga. Shu bilan birga ommaviy axborot vositalaridan ushbu og‘ir paytda bizning shaxsiy hayotimizga hurmat bilan qarashlarini so‘raymiz", deyiladi murojaatda.

Xolms oilasining himoyachisi Liza Damiani ayblanuvchining ota-onasi o‘g‘illarini himoya qilishini, chunki nima bo‘lganda ham "u o‘zlarining farzandlari" ekanini aytishganini bildirgan.

Mahkamaning birinchi bosqichida Xolmsga oldindan o‘ylangan va rejalashtirilgan qotillikni amalga oshirgani bo‘yicha 12 ayblov ilgari surilishi kutilmoqda.

Prokuror rasmiy ayblovni 30 iyulda e‘lon qilishini aytgan.

Mahkama Jeyms Xolmsga o‘lim jazosi so‘rashni ham muhokama qilmoqda.

Bu masalada halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan maslahatlashuvdan keyin bir qarorga kelinishi ma‘lum qilingan.

Shanba kuni politsiya portlovchi moslamalar zararsizlantirgandan keyin Xolmsning uyiga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayblanuvchining kompyuteridan olingan ma‘lumotlar qotillik haqidagi aniq tafsilotlarni berishi mumkin.

Politsiyaga ko‘ra, sodir etilgan qotillikka Xolms oylar davomida "obdon tayyorlangan".