Qozog‘istonlik ro‘zadorlar narx-navo va jazirama issiqdan shikoyatda

Image copyright none

Musulmonlarning Ramazon oyi bu yil yozning yanada issiq kunlariga to‘g‘ri keldi.

Markaziy Osiyo musulmonlari bu yil kun bo‘yi 19 soat suv va non totmay yurishlariga to‘g‘ri keladi.

Bu ayrimlarning ro‘zani tuta olmasligiga asosiy sabab bo‘lib qolayotgani aytiladi.

Qozog‘iston Musulmonlar Diniy idorasi esa, Ramazon oyida dindorlarga yordam bo‘lishi uchun hukumatdan narxlarni 10 foizga tushirishni so‘radi.

Narxlar tushmadi, ammo, ustiga ustak, Olma ota shahar hokimiyati aynan Ro‘za boshlangan kundan shahar transporti narxlarini 32 foizga oshirish qarorini imzoladi.

Albatta, ushbu qarorni musulmonlar hurmatsizlik deya qabul qilishdi.

"Hokimiyatning ushbu qarori insonlarga qiyinchilik tug‘diradi. Benzinning narxi oshgani yo‘q. 96 markali benzin 112 tangadan 106 tangaga tushdi. Avtobus chiptalari narxlarining 50 tangadan 80 tangaga ko‘tarilgani qiyinchilik tug‘diradi. Oldin ishga 100 tangaga borib kelsam, hozir 160 tanga sarflayapman", - deydi olma otalik Adhamjon.

Qozog‘iston Bosh muftiysi shayx Abdusattor Hoji Derbisali transport narxlarining aynan Ro‘za boshlanadigan kundan 80 tanga, ya‘ni yarim dollar etib belgilanishi musulmonlarga nisbatan hurmatsizlik deya baholadi.

Shahar hokimiyati musulmonlar idorasining noroziligini inobatga olib narxlar ko‘tarilishini 3 kunga qoldirdi va 23 iyuldan oshirdi.

Jazirama issiq

Olma otalik Adhamjon do‘konda savdo qiladi, kunlarning issiq bo‘lishi ro‘za tutishiga to‘sqinlik qila olmayotganini aytadi.

"Ro‘za ishimga halaqit bermaydi. Men ishlaganimda ro‘za tutish osonroq bo‘ladi. Uyda o‘tirsam qiyinroq bo‘ladi. Ko‘chada bunday issiqda yurish qiyin, ammo tutaman degan odamga Alloh o‘zi kuch- quvvat beradi", - deydi Adhamjon.

Qozog‘istonlik ulamolar odam issiqdan qiynalsa, suvni yutmaslik sharti bilan cho‘milish mumkinligini aytishadi.

"Judayam issiq. Dush qabul qilsa bo‘ladimi, deb so‘rashadi, albatta mumkin. Biroq suv ichga ketib qolmasligi uchun ehtiyot bo‘lish kerak . Ushbu taqiqlar faqat kunduz kuni. Quyosh botishi bilan ro‘zador har doimgi hayotini davom ettiraveradi", deydi shayx Abdusattor Derbisali.

O‘zbekistonda havo Qozog‘istondan ham issiqroq. Harorat 45 daraja yuqori bo‘lib ketadi.

Toshkentdagi kafelarning birida ishlaydigan Anvar issiqqa qaramasdan ro‘za tutmoqda, ammo qiyin bo‘layotganini aytadi.

"Qiyin bo‘layapti, uning ustiga ish. Issiqda tomoqlar qurib ketayapti. Maza qochgandek bo‘lib, boshlar aylanib ketayapti ayrim vaqtlari. Bir ikki kun shunday bo‘ldi, lekin hozir unchalik emas. Tomoq chanqab qoladi, lekin u darajada yomon emas, Xudoga shukur", deydi Anvar.

Toshkentdagi ro‘zadorlar imkoni boricha konditsionerli xonalarda o‘tirish orqali, issiqni yengayotganini aytishadi. Zokir ismli tinglovchimiz ana shundaylardan biri.

"Shaxsan mening boshqa ro‘zadorlardan farqim shuki, ishxonada konditsionerim bor. Muzdekkina o‘tiribman. Lekin baribir qiyin. Kechki 6 larga borib charchab qolayapmiz", deydi Zokir.

Suhbatdoshlarimiz kunlarning o‘ta issiq bo‘layotgani ro‘zadorlarning o‘tgan yillarga nisbatan kam bo‘lishiga sabab bo‘layotganini aytishadi.

Anvar faoliyat yuritayotgan kafeda 30 kishi ishlasa, shundan 2 kishi ro‘za tutgan. Qolganlar issiq tufayli ro‘zani tuta olishmagan.

"Hamma issiq deb yuribdi. Bir ikki tanishlarim issiqdan oshqozoni og‘rigani uchun ro‘zasini ochib qo‘yganini aytdi. Kafemizga ham iftorga odam juda kam keladi. Shu kafega 3 yil oldim kelgan bo‘lsam, oldin unaqa emas edi. Iftorlikka keluvchilar ko‘p edi. Issiqqa va kunning uzayishi sabab bo‘lsa kerak", - deydi kafelarning birida ishlovchi Anvar.

Shunga qaramasdan, kuzatuvchilar so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ro‘zadorlarning ko‘payotganini aytishadi.

O‘zbekiston Musulmonlari Diniy idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur ham ushbu fikrlarni tasdiqlaydi.

"Diniy idoramizga "mana bunday qilsa ro‘za ochiladimi, ochilmaydimi" qabilidagi savollar bilan murojaat qilayotgan yoshlarning ko‘pligidan biz bilayapmizki, ularning soni yildan-yilga ko‘payyapti", deydi taniqli ulamo.

Bu yil Markaziy Osiyo musulmonlari 19 soat og‘zi yopiq holatda yurishlariga to‘g‘ri keladi. Havoning issiqligi dindorlar uchun yana qo‘shimcha sinov bo‘lgan.