O‘shda unning narxi keskin oshib ketgan

Image copyright none

Qirg‘izistonda bir oy ichida oliy navli bir qop unning narxi 300 somga oshgan.

Avval 50 kilosi 850 som turgan unning bahosi bugun 1.150 somga yetgan.

Buning natijasida, un mahsulotlari ham qimmatlab, nonlarning qiymati 10 somdan 15 somga ko‘tarilgan.

Mavjud vaziyat qolgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga ham ta‘sir etmay qolmagan.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan mahalliy do‘kondorlardan birining aytishicha, o‘simlik yog‘i 20-30 som, guruchlarning kilosi 40-50 somga oshib ketgan.

Hatto, do‘kondor suhbatdoshimizning o‘zi ham mavjud vaziyatda aholi qanday tirikchilik qilishini bilolmay, hayron ekanini aytadi.

"Xaridorlar gohida so‘kinib ham ketishadi, hamma narsa qimmat bo‘lib ketayapti, arzonroq sotsanglar bo‘lmaydimi, deb ham aytishadi. Har xil gap-so‘zlarni eshitamiz", deydi u.

Ayon bo‘lishicha, bunga turli sabablar tufayli katta hajmdagi ekinzorlarga bug‘doy ekilmay qolgani, yomon ob-havo sharoiti sabab, minglab gektar bug‘doyzorlarni suv yuvib ketgani sabab bo‘lgan.

Ustiga ustak, Qirg‘iziston asosiy xaridori bo‘lgan Qozog‘istonda bu yil g‘alla hosili kutilganidan ko‘ra ancha kam bo‘lgan.

Ahvol og‘ir

Faollarga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sakrab ketishi, ayniqsa, iyun qirg‘inidan jabr ko‘rgan aholini qiyin ahvolda qoldirgan.

Qirg‘izistonda o‘rtacha ish haqi 2-3 ming somni tashkil qiladi. Bu - taxminan 60 AQSh dollariga teng.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar aholining 70 foizi ishsiz ekanini nazarda tutib, bu raqamlar aksariyat uchun hech narsani anglatmasligini aytishadi.

Ayniqsa, Qirg‘iziston janubida 2010 yilgi qonli milliy nizolar oqibatida esa, bu yerda o‘n minglab ish o‘rinlari yo‘qotilgan.

Mamlakat janubidagi o‘zbeklar asosan tijorat bilan shug‘ullanib kelishgan. Do‘kon, nonvoyxona, turli kichik korxonalarni yuritib, shuning orqasidan daromad qilishgan.

Ammo iyun oyidagi qonli zo‘ravonliklar chog‘ida ularning aksariyati vayron etilgan yoki o‘t qo‘yilgan.

"Aholining ko‘pchiligi ishsiz bo‘lgandan keyin, odamlarning stabil daromadlari yo‘q. Qayerda kim nima ish topsa, o‘shani qilib, eplab, qorin boqib, jon boqib yurishibdi", deydi mahalliy faollardan Izzatulla Rahmatullayev biz bilan suhbatda.

Uning aytishicha, mavjud vaziyat aholining orasida norozilik tuyg‘ularini kuchaytirmay qo‘ymagan.

"Shusiz ham og‘ir bo‘lgan hayotlariga endi qimmatgarchilik ham qo‘shildi. Ishsizlikdan, turmushning nochorligidan, ayniqsa, ichki migratsiya kuchaygan", deydi faol.

Ammo, suhbatdoshimizning aytishicha, mavjud vaziyatga qaramay, mas‘ullar tomonidan oshib borayotgan narx-navoni jilovlash yo‘lida biror bir amaliy choralar ko‘rilayotgani sezilmaydi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mintaqadagi vaziyat qanday?

Qurg‘oqchilik sabab joriy yil Qozog‘iston va Rossiyada bug‘doy hosili past bo‘lishi kutilmoqda.

Mutasaddilar hosilning rejadagiday bo‘lmasligi narx-navolarga ta‘sir qilishi mumkinligini bildirishgan.

Qozog‘iston unining asosiy iste‘molchilaridan bo‘lgan O‘zbekistonda qozoq uni bahosining allaqachon oshganini xabar qilmoqda.

Shu kunlarda bir qop qozoq unining bahosi o‘zbek bozorlarida 75 ming so‘mga ko‘tarilgan.

Bu esa o‘z navbatida ushbu undan tayyorlanadigan mahsulotlarning ham narxiga ta‘sir qilgan.

Mutaxassislar narxlarning yana ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Bug‘doy eksportiga ixtisoslashgan eng yirik davlat Rossiyada ham mo‘ljaldagidan kam hosil olinishi bozordagi bug‘doy narxlariga ta‘sir etmay qolmagan.