Suriya inqirozi: Obama prezident Assadni ogohlantirgan

Image copyright none
Image caption Suriyaning ikkinchi yirik shahri Aleppoda uch kundirki janglar davom etmoqda

AQSh Suriya hukumatini ximiyaviy qurol ishlatishdan saqlanish kerakligi bilan ogohlantirgan.

Amerika prezidentining bu chaqirig‘i rasmiy Damashqning "tashqi kuchlar tahdid qilganda" ximiyaviy qurol qo‘llanilishi mumkin, degan bildirishidan orqasidan yangragan.

Barak Obama Suriya perzidenti rostdan ham ximiyaviy qurol ishlatadigan bo‘lsa, bu ulkan xato bo‘lishini, shuningdek hamma mas‘uliyat Bashar al-Assad zimmasiga tushishini ta‘kidlagan.

Bundan oldin tashqi ishlar vazirligi vakili "Suriya ximiyaviy qurolga ega bo‘lganda ham, hech qachon o‘z xalqiga nisbatan ishlatilmasligi"ni aytib chiqqan edi.

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ommaviy qirg‘in quroli ishlatilishidan xavotirini izhor etgan.

BBC muxbiri Jim Myuirning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi mavjud tuzum qulagan taqdirda, ekstremistik guruhlar qo‘liga ximiyaviy qurol tushib qolishidan xavotirlar bor.

Muxolifat tomoniga o‘tgan Navaf Fares ham Bashar Assad o‘z fuqarolariga nisbatan ximiyaviy qurolni ishlatishi mumkinligini aytgan.

Suriya o‘zida ommaviy qirg‘in qurollari borligini rasman hech qachon tasdiqlamagan.

Shuningdek, ximiyaviy qurolni ta‘qiqlash bo‘yicha Konventsiyaga imzo chekmagan.

Suriya muxolifati hukumat kuchlari allaqachon ximiyaviy qurolni ishlatgan bo‘lishlari mumkinligidan xabar bergan.

Arab Ligasi chaqirig‘i

Qatarda shoshilinch yig‘ilgan Arab Ligasi a‘zolari Bashar al-Assadni zudlik bilan iste‘foga chiqishni so‘raganlar.

Bunga javoban prezident va oilasiga Suriyadan xavfsiz chiqib ketish taklif qilingan.

Isyonchilar allaqachon Alepponi o‘z nazoratlariga olayotganlarini ta‘kidlashmoqda.

Ular Suriya muxolifatini o‘tish davri hukumatini tuzishga chaqirishgan.

"Suriya ozodlik armiyasi" vakillariga ko‘ra, Assad tuzumining taqdiri zaiflashgan Suriya armiyasining ko‘magiga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Biroq Damashqning isyonchilar qo‘liga o‘tgan bir qancha tumanlari yana hukumat kuchlari nazoratiga olingan.

Aleppoda qaqshatqich janglar ketayotgani xabar qilinmoqda.

Har kuni minglab qochqinlar Suriya chegaralarini kesib qo‘shni Turkiya, Livan va Iordaniyaga qochib o‘tmoqdalar.

BMT qochqinlar bosh komissiriatining xabar berishicha, Iordaniyadagi yangi lager 100 ming qochqinga mo‘ljalangan.