Tojik hukumati Pomirdagi qo‘mondonlarni jilovlash harakatidami?

Image copyright none

Tog‘li Badaxshon - 1992-1997 yillari Tojikistonda kechgan fuqarolar urushida ayni mintaqa asosan islomiy bo‘lgan muxolifatning qarorgohlaridan biri sanalgan.

1997 yil Tinchlik shartnomasiga binoan muxolifat hukumatdan 30 foizlik qudrat o‘rinlariga ega bo‘lgan va o‘tgan o‘n besh yil ichida ayni qudrat o‘rinlari hukumat tomonidan birin-ketin olib qo‘yilgani aytiladi.

Pomirda esa, aksariyat o‘n besh yil asnosida sobiq qo‘mondonlarni qo‘llab-quvvatlab keldi. Biz avvalroq asli pomirlik bo‘lgan olim Dagi Dagiyev bilan bog‘lanib, nima uchun hukumat o‘tgan o‘n besh yil ichida bo‘lgan manzarani yirik harbiy amaliyot bilan o‘zgartirmoqchi bo‘ldi, deb so‘radik.

Dagi Dagiyev: Bu juda mushkul bir savol va unga bir tomonlama javob berish qiyin. Muammoning yaqin ildizlari Tojikistonda kechgan fuqarolar urushiga borib taqaladi. Urushdan keyin sobiq qo‘mondonlar hukumat tarkibiga uyg‘unlashtirish harakatlari bo‘ldi. Pomir muxolifat qo‘rg‘onlaridan biri edi. U yerda sobiq qo‘mondonlarning obro‘si doim balandroq bo‘lgan...Ammo, so‘nggi yillar hukumat ayrim bebosh qo‘mondonlarni jilovlash harakatiga tushgan edi va bunga bir necha sabablarni ro‘kach qiladi. Tog‘li Badaxshonda, xususan, Horo‘g‘da mahalliy hokimiyat ramziy bir ahamiyat kasb etib kelayotgandi. Sobiq qo‘mondonlar tom ma‘noda mintaqa, ayniqsa bu shaharchaning xo‘jayini edi...

BBC: Ammo, nima uchun aynan hozir hukumat Pomirdagi qo‘mondonlarni jilovlash harakatiga tushib qoldi?

Dagi Dagiyev: Bilasizmi, masalaning bir tomoni - yaqinda Tojikistonda prezidentlik saylovi kechishi kerak. Tog‘li Badaxshonda muxolifat kayfiyatida bo‘lgan sobiq qo‘mondonlarning bo‘lishi hukumat manfaatlariga mos tushmaydi, ayniqsa, bu qo‘mondonlarning talaygina tarafdorlari bo‘lsa... Ikkinchidan, Horo‘g‘da qanchalar ramziy bo‘lmasin, Dushanbega loyiq mahalliy hukumat vakillari va sobiq qo‘mondonlar o‘rtasida ziddiyat birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Ikki yil avval bir ziddiyatdan keyin xabarlarga ko‘ra, qo‘mondonlar Prezident Rahmon bilan ham uchrashishgan va mahalliy liderlardan biri bo‘lgan Tolib Ayonbekov o‘shanda: "Mana biz Prezident bilan uchrashdik, u bizga: "Biznes qilinglar, narkotiklar va qurol-yarog‘ savdosiga aralashmanglar", dedi va biz xuddi shunday qilayapmiz", deb aytgandi bir suhbatida... Aytmoqchi bo‘lganim, Dushanbe va Tog‘li Badaxshondagi sobiq muxolifat qo‘mondonlari o‘rtasida ziddiyat yetilib kelayotgandi...So‘nggi hodisa - Xavfsizlik Xizmatining generali o‘ldirilishi esa, hukumat uchun yaxshi bahona bo‘lgan. Ayni hodisalarda biz boshqa bir masalani - Afg‘onistondagi beqaror vaziyat va NATOning bu mamlakatdan chiqib ketish rejalarini ham unutmasligimiz kerak. Aytmoqchi bo‘lganim, mintaqani Afg‘onistondagi vaziyatdan alohida ko‘rish mumkin emas...

BBC: Mintaqa Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan...Siz NATO kuchlarini chiqishini aytdingiz, o‘rtada narkotraffik borligi ham aytiladi. Boshqa masala mintaqada ekstremist kuchlarning to‘plangani haqida xabarlar bor... bular Sizningcha Tog‘li Badaxshon va umuman Tojikistonga ta‘sirsiz qolmaydigan holatlar shundaymi?

Dagi Dagiyev: Albatta, chunki yodingizda bo‘lsa, bundan bir yilcha avval sobiq qo‘mondonlarning biri Afg‘onistondan o‘z kuchlari bilan mamlakat sharqiga kirib kelgani aytilgandi. Hozir ham Afg‘onistonda ham Tojikiston va ham O‘zbekiston islomiy muxolifatining unsurlari bor - ehtimol, ular yirik kuch emasdir, ammo deylik ma‘lum bir mintaqalarni beqarorlashtira oladigan guruhlar desak bo‘ladi. Ana endi NATO chiqib ketadigan bo‘lsa, bu kuchlarni jilovlab va yo tiyib turgan omillardan biri yo‘qoladi.

BBC: So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Horo‘g‘dagi harbiy amaliyotlar chog‘ida xavfsizlik kuchlari, jangarilar va oddiy aholi tarkibidan o‘nlab qurbonlar bor... agar ba‘zi manbalarga ko‘ra ko‘proq ham bo‘lmasa... Bir necha soat avval esa, Prezident Rahmon birdaniga u yerdagi harbiy amaliyotlarni butunlay to‘xtatishga buyruq qilgan? Nima uchun, hukumat qaysidir ma‘noda yarim yo‘lda amaliyotlarni to‘xtatmoqda? Uch-to‘rtta jinoyatchini ushlash uchun yirik harbiy amaliyot boshlab, endilikda birdan tugatishning sababi nimada?

Dagi Dagiyev: Ochig‘ini aytsam, bu savol mening ham boshimni qotirmoqda...Hukumat bu amaliyotlarni boshlab, qanday tugatish haqida o‘ylab ko‘rganmikan? Masalan, agar sizga bir dala qo‘mondoni kerak bo‘lsa, nima uchun uni o‘sha yerda hibsga olmadingiz? Nima uchun, amaliyotlar Horo‘g‘da yana bu shaharchaning markazida kechdi? U yerdagi uylar bir biriga juda zich joylashgan...Ehtimol, hukumat mamlakatning o‘zida va tashqarisida, ayniqsa, internet dunyosida hukumatning ayni amaliyotiga bu kabi misli ko‘rilmagan qarshilikni kutmagandir... Ehtimol, hukumat o‘z qo‘shinlari orasidan bunday tez va kattagina talofat berilishini xayoliga keltirmagandir? Ehtimol, Tog‘li Badaxshondagi Ismoiliylarning ruhoniy rahbari Og‘axon janoblarining aralashuvi sabab bo‘lgandir...Hozircha bularning bari ehtimollar...