Imomali Rahmon Pomirdagi amaliyotlarni to‘xtatishni talab qilgan

Image copyright BBC World Service

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati raisi Qodiri Qosimdan Pomir kechayotgan maxsus harbiy amaliyotlarni mutlaq to‘xtatishni talab qilgan.

Prezident Rahmon bu haqda Qosim janoblari bilan telefon so‘zlashuvida aytgan.

Seshanba kuni tongda Tojikiston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi general Abdullo Nazarov o‘limiga aloqador shaxslarni ushlash uchun Tog‘li Badaxshon viloyati markazi Xoro‘g‘ shahrida maxsus harbiy amaliyot yo‘lga qo‘yilganini ma‘lum qilgandi.

Avvalroq, hukumat 12 harbiy halok bo‘lgani, 20dan ortig‘i tan jarohati olgani haqida aytgan.

Hukumatning bildirishicha, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q, 30 nafar hukumatga qarshi qurolli guruh a‘zolari o‘ldirilgan.

Tojikiston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi qo‘shma bayonotida qurolli guruhning 40 a‘zosi qo‘lga olingan, ulardan 8 nafari Afg‘oniston fuqarolari ekani aytiladi.

Ammo, norasmiy manbalarda aytilishicha esa, armiya va aholi orasida halok bo‘lganlar soni anchayin katta - taxminan 100dan ortiqdir.

Bu haqda BBC muxbirlari hodisa guvohlari va harbiy amaliyotlarga yaqin manbalarga tayanib xabar berishmoqda.

Harbiy amaliyotlar davomida jinoiy qurolli guruhning 100tacha quroli musodara qilingani ham aytilmoqda.

Ammo, rasmiy va norasmiy raqamlarni tasdiqlash imkonsiz qolmoqda. Mintaqa bilan aloqa uzilgan, hukumat Tog‘li Badaxshondagi vaziyat borasida izoh bermayotir.