O‘zbekistonda qozog‘istonlik sayyoh ozodlikdan mahrum qilindi.

Image copyright none

Yermek Qosmagambetov "separatizm, terrorizm va ekstremizmni targ‘ib qiluvchi materiallar kontrabandasi" uchun Qibray tuman mahkamasi tomonidan aybdor deb topildi va 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Shu yilning Naro‘z bayrami arafasida O‘zbekistonga sayyoh sifatida borgan Qozog‘iston fuqarosining kompyuteridan bojxona nutqtasida tekshiruv chog‘ida diiny roliklar topilib, hibsga olingan edi. Ayblanuvchi tomon kompyuter umuman boshqa odamga tegishli bo‘lganini va ichidagi materiallardan bexabar ekanligini ta‘kidlamoqda.

Mahkamada Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi xodimlari va Yermekning yaqinlari ham ishtirok etgan.

Qosmagambetov ushlangan vaqti unga hamrohlik qilgan do‘sti Aqmaral Shakirovaning aytishicha, Yermek ularni mahkama zalida ko‘rib hursand bo‘lgan.

"Ermekning ko‘rinishi yaxshi, ammo juda ham ozib ketibdi. Kamida 10-12 kilo ozib ketgan. Quyosh ko‘rmaganidan bo‘lsa kerak oqarib ketgan. Nimaga ozib ketding degan savolimga juda issiq bo‘lgani sabab ovqat yeyolmayotganini va asosan suv bilan cheklanayotganini aytdi", deydi Aqmaral Shakirova.

Mahkama jarayoni emotsiyalarsiz tinch holda o‘tgani aytilmoqda. Yermekni chegara nuqtasida tekshirgan bojxona xodimi mahkamada guvoh sifatida qatnashgan va uning foydasiga ko‘rsatma bergan.

"Guvoh sifatida qatnashgan bojxonachi hech qanday yashirish holati bo‘lmaganini aytdi. Biroq, 246-moddada "kontrabanda va materiallarni yashirish" haqida gap boradi. Sudda guvoh bo‘lgan va bizlarni ushlagan bojxonachi o‘z qarorida aniq qilib hech qanday yashirish hollari bo‘lmaganini yozgan va hakamlarga aytdi", deydi mahkama jarayonida qatnashgan Aqmaral Shakirova.

Biroq prokuror Yermek Qosmagambetov qasddan diniy materiallarni tashigan va harakatini bilgan holda sodir etib yashirmoqchi bo‘lgan degan ta‘kid bilan unga 7 yillik qamoq jazosi so‘ragan.

Qosmagambetovning yaqinlari mahkama hukmidan yuqori instantsiyalarga shikoyat qilishini bildirdi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi adolat qaror topishi uchun barcha diplomatik yo‘llarni ishga solayotganini bildirgan. BBCga ma‘lum bo‘lishicha Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvda ushbu masalani ko‘targan.

Rasmiy Toshkent esa O‘zbekistonda mahkamalar mustaqil ekanligini va ushbu jarayonga aralasha olmasligini bildirgan.

Shu yilning 16 mart kuni qozog‘istonlik Yermek Qosmagambetov va Aqmaral Shakirovalar O‘zbekistonga sayyoh sifatida borib qaytayotganda o‘zbek chegarachilari tomonidan "May" chegara nuqtasida ushlangan.

Ularning kompyuteridan diniy ruhdagi video roliklar topilgani uchun vaqtinchalik saqlash izolyatoriga olib ketishgan.

Uch kunlik saqlashdan so‘ng Aqmaral Shakirova qo‘yib yuboriladi va Yermek Qosmagambetov tergov ishlarini olib borish uchun mahkama qarori bilan hibsga olinadi.

Ayblanuvchilar kompyuter O‘zbekistonda tushirilgan rasmlarni ko‘rish uchungina yaqinlaridan vaqtinchalik olib turishganini ta‘kidlashmoqda. Ichidagi materiallardan xabari yo‘qligini aytishgan.