O‘zbekistonda endi "fan nomzodi" darajasi berilmaydi

O‘zbekistonda bundan buyon "fan nomzodi" atamasi va unvoni berilmaydi.

Prezident Islom Karimov 24 iyul kuni bu boradagi maxsus farmonga imzo chekkan.

Ayni sohada xalqaro me‘yorlarga mos yangi ikki bosqichli tizim - bakalavriat va magistratura bunyod etiladi.

Eski tizim - fan nomzodligi esa, aksar holatlarda ilm fanga xizmat qilmasligi, balki shaxsiy maqsadlar yo‘lida su‘iste‘mol qilib kelingani aytiladi.

"Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmonda ham amaldagi tizim "zamonaviy, xalqaro tan olingan talablariga mos kelmasligi" urg‘ulangan.

Taniqli tarixchi olim Goga Hidoyatov uni "o‘z vaqtida chiqarilgan farmon" sifatida ko‘rishini aytdi.

"Manimcha, juda to‘g‘ri farmon. Men allaqachon shu nomzodlik unvoni kerak emasligini aytib yurardim. Chunki, hozir darajasi juda pasayib ketgan. Men 20 yil Ilmiy kengashning raisi bo‘lgandim, keyin a‘zo bo‘lgandim bir necha boshqa kengashlarga. Hayron qolib o‘tirardim nomzodlarning kirish so‘zlarini eshitib. Hozir internet bor. Internetda nima xohlasangiz topasiz. Shuning uchun, nomzodlar shu yerdan ko‘chirib olgan. Bekor pul sarf qilib bularga kandidadlik berish kerak emas", deydi tarixchi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bundan buyog‘i O‘zbekistonda fan nomzodi instituti tugatilib, rivojlangan mamlakatlardagi kabi faqat bitta - fan doktori instituti joriy etilishi aytiladi.

O‘zbekistondagi fan nomzodlaridan biri ham BBCga gapirarkan, buni "to‘g‘ri qabul qilingan farmon" ekanini aytdi.

"Chet el andazalariga yaqinlashayapmiz shekilli, chunki dunyoning boshqa hech qayerda bunaqa fan nomzodi degan farmon yo‘q", deydi u.

Hozirgacha nomzodlik ilmiy ishini yoqlaganlar va yoqlash arafasida yurganlarga mazkur yangilik qanday ta‘sir qilishi borasida gapirarkan:

"Farmon bugun ovoza bo‘ldi. Uni shaxsan o‘qib ko‘rganimiz yo‘q. Hamkasblarim bilan gaplashganda, shunday deyishdiki, hozirgacha ilmiy ish yoqlaganlarning maqomi ham, ularga beriladigan imtiyozlar ham saqlanib qolar ekan. Ammo, ko‘pchilik hali farmon bilan tanishib chiqqani yo‘q, shuning uchun ham, uning keng miqyosda qanday aks-sado berayotgani haqida gapirishga erta", deydi o‘zbekistonlik fan nomzodi BBC bilan suhbatda.

Shuningdek, u farmon amalga tadbiq etilishi bilan ilmiy ish himoya qilishga oid talablar ham kuchayishi va buning ortidan esa, ayni sohada faqat "haqiqiy ilmga qiziqqan insonlar" qolishiga umid bildiradi.