CNN xalqaro telekanali Qozog‘iston haqida ko‘rsatuv namoyish etgan

Image caption Kuzatuvchilar CNN xalqaro kanalini Qozog‘iston haqida bir tomonlama ko‘rsatuvlar tayyorlaganlikda ayblashgan

CNN xalqaro telekanalida namoyish etilgan "Qozog‘istonga nazar" ko‘rsatuvlar turkumi tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Mustaqil internet nashrlari xalqaro kanalni rasmiy Ostonaga sotilganlikda ayblagan.

Qozog‘iston haqida asosan bir tomonlama ijobiy ruhda tayyorlangan ko‘rsatuvning asosiy homiylari sifatida hukumatga tegishli Samruq Kazina va Ostona iqtisodiy forumi tashkil qilgan.

Eurasianet.org sayti mutaxassisi olib borgan izlanishlardan ma‘lum bo‘lishicha, mamlakatning erishgan yutuqlari haqida gapirgan "mustaqil" ekspertlar Qozog‘iston hukumat doiralarida ishlovchi amaldorlardan tashkil topgan.

Theatlantic.com va eurasianet.org saytlari CNN xalqaro kanalini Qozog‘iston haqida bir tomonlama ko‘rsatuvlar tayyorlaganlikda ayblagan.

30 daqiqadan iborat "Qozog‘istonga nazar" ko‘rsatuvlar turkumi qisqa holatda 9 ga bo‘linib namoyish etilgandi.

Eurasianet.org saytining maslahatchisi Mayls Smit ko‘rsatuv promosida ko‘rinishi bergan homiylarning nomiga e‘tibor qaratadi.

Ko‘rsatuvga homiylik qilgan Samruq Qazina davlatning milliardlab dollarini nazorat qiluvchi hukumat jamg‘armasi, Ostona Iqtisodiy forumi esa prezident Nazarboyevning tashabbusi mevasi ekanligi aytiladi.

Web sahifa ushbu ko‘rsatuvga Qozog‘iston hukumati bevosita homiylik qilgan degan xulosaga keladi va bu xolislikning yo‘qolishiga olib kelganini aytadi.

Jumladan, ko‘rsatuvda qatnashgan ekspertlar Qozog‘iston erishgan yutuqlarini sanaydi.

Energetika sohasida ekspert sifatida gapirgan Murat Karimsakov Qozog‘istonning "kuchli va yorqin" energetik iqtisodini va hukumat olib borayotgan siyosatni maqtaydi.

- Nimaga endi maqtamasin? Eurasianet.org ning ta‘kidlashicha Karimsakov undan izoh berishni so‘ragan hukumatga ishlaydi. Karimsakov Qozog‘iston prezidenti rahbarligidagi "Olimlarning Ovro‘osiyo klubi" davlat uyushmasi boshqarma boshlig‘i sifatida ishlaydi, deydi Theatlantic.com sayti jurnalisti Maks Fisher.

Tanqidchilar CNN ni o‘zi tan olishni istamasada rasmiy Ostonaga sotilganlikda ayblaydi.

Ko‘rsatuvning xolis chiqishi uchun Qozog‘istondagi ish tashlashlar, so‘z erkinligi bo‘g‘ilishi va inson huquqlarining buzilishi kabi holatlarga ko‘z yumilgani tanqid qilinadi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi voizi Altay Abibullayev BBC bilan suhbatda Qozog‘iston haqida har qanday material tayyorlash CNNning ichki siyosati ekanligini aytdi.

Ko‘rsatuv tayyorlashga Qozog‘iston tomonidan biror ta‘sir bo‘lmagan.

"Avvalo shuni aytish kerakki, CNN bu kabi dasturlarni faqat Qozog‘istonga atab tayyorlamaydi. Olmoniya, Polsha, Filippin va boshqa davlatlarga nazar solgan ko‘rsatuvlari mavjud. Bu CNN ning taktikasi va muharrirlik dasturi. Ushbu dasturni shakllanishiga hech kim chetdan aralashmagan. Tahlilchilar yoda izoh beruvchilarni tanlashda ham CNN o‘z ichki siyosatidan kelib chiqib yo‘l tutgan", deydi Altay Abibullayev.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan oddiy qozog‘istonliklarning ko‘pchiligi 9 qismdan iborat bo‘lgan ushbu ko‘rsatuv haqida hech narsa bilmasligini bildirdi.

Ostonadagi tashkilotlarning birida ishlovchi Assem ushbu ko‘rsatuv haqidagi tanqidlarni o‘qigan xolos.

"Agar CNN bu haqda gapirsa bu ularning siyosatiga qarshi kelmaydi, ularni hech kim bizni maqtashga majbur qilgani yo‘q. Qozog‘istonning bu borada qandaydir rolь o‘ynagani ham yomon narsa emas. Har kim mamlakati haqida yaxshi gaplarni eshitgisi keladi. Agar CNN buning uchun pul olgan bo‘lsa bu ularning muammosi deydi", deydi Assem.

Inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi "Liberti" jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Galim Ageleuov Qozog‘iston hukumatini o‘z imidjini sun‘iy ravishda ko‘tarishga harakat qilayotganlikda tanqid qiladi.

"Hukumat real hayotni chaplab o‘zi chizgan piar strategiyalar olamida yashagani yomon. Bizga kartina emas, real hayot kerak. Ekspertlar xolis odamlar bo‘lishi zarur. Ko‘rsatuvda turli pozitsiya va bir necha tahlilchi va ekspertlar qatnashishi lozim. Ushbu fikr bildiruvchilarning orasida Qozog‘istonda nimalar sodir bo‘layotganini gapira oluvchi fuqarolik jamiyatining mustaqil vakillari bo‘lishi kerak", deydi Galim Ageleuov.

Huquqbonga ko‘ra 2011 yili Janao‘zenda bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar CNN da deyarli yoritilmadi. Hukumat politsiyasi tomonidan tinch aholini otib tashlanishi ushbu xalqaro telekanal deyarli eslanmadi.

Ageleuov janoblari Qozog‘istonning bugungi holatini aynan Janao‘zen hodisasi belgilab berishini va mamlakat haqidagi bunday ko‘rsatuvlarda ushbu voqeani eslamaslik noto‘g‘ri qarashlarni shakllantirishi mumkinligini aytadi.