London 2012: Olimpiada O‘yinlaridan kim qancha ishlab olmoqchi?

Jurnalist emasmisiz, ishingiz xabarlar bilan ishlash. Ayniqsa, Olimpiada O‘yinlari kabi dunyodagi eng yirik sport bellashuvi arafasida bu xabarlarning keti ko‘rinsa, ayting.

Yana soat ham qolib, daqiqama-daqiqa o‘zgarib, yangilanib tursa: "Olimpiada O‘yinlari chog‘i quyoshli kunlar ko‘p bo‘ladigan ko‘rinadi" (tumanlisiyam qolib, bu yil yomg‘irlisiga aylangan Alьbionda ushbu masalaning qanchalik dolzarbligini ayting, lirik chekinish uchun uzr) "Migratsiya xizmati xodimlari ish tashlamaydigan bo‘lishdi"(nahotki?!), "O‘yinlarning xavfsizligini ta‘minlash uchun qo‘shimchasining ustiga yana harbiylar jalb etiladi"(yo‘g‘-ey..).

Gapning qisqasi - xabar bilan ishlaydigan odamga, "Mening ishim nima", degan tanlovga imkon qoldirmaydi.

Ammo shuncha xabarning ichidan ham e‘tiborimni o‘ziga tortgan bittasiga to‘xtalsam, yuz foiz ishonch bilan ayta olamanki, sizning ham be‘etibor qolmasligingiz aniq.

Chunki, bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi… Mehmonxona narxlarining bir sakrashda 300-350 foiz sakraganini hech eshitganmisiz?

Xoh ishoning, xoh ishonmang, shaxsan men qariyb 20 yillik jurnalistik faoliyatim uyoqda tursin, bir necha o‘n yillik ongli ishqibozlik hayotim davomida ham bunaqasiga guvoh bo‘lmaganman.

Foizni qo‘ying, buni naqd pulga chaqing, naqd pulga, deydigan bo‘lsangiz, kuniga 180.000 ishqibozga mezbonlik qiluvchi Olimpiada Xiyoboniga yaqin London sharqidagi mehmonxonalarning bo‘sh qolgan sanoqli xonalari, deylik, to‘rt jondan iborat bir oilaga haftasiga qo‘shimcha besh ming funt sterlingdan ortiqroqqa tusharkan. Bu - 10.000 AQSh dollaridan ortiqroq mablag‘ degani.

O‘zining yangichayu eskicha hashamati bilan dong chiqargan London markazidagi to‘rt yulduzlilariniki esa, qo‘yavering, o‘ziyam olti ming funtga yaqinlashib qolibdi.

Foyda ko‘rayotganlar ham, zarar chekayotganlar ham , "Buyuk Britaniya Qirolichasi bo‘lmaydimi, hattoki Yelizaveta Ikkinchining Olmos yubileyida ham bunaqasi bo‘lmagan", deya hayratda. G‘irt o‘zbekchasiga oladigan bo‘lsak, "Kimga aza, kimga to‘y...".

Tanqidlar tig‘iga ro‘baro‘ tashkilotchilar uchun do‘ppini osmonga otishning qoyilmaqom bir imkoniyati: "Odamlarning O‘yinlarga bo‘lgan qiziqishi darajasini ko‘ring".

Shuncha pulni qurtdek sanab berishiga to‘g‘ri kelayotgan o‘rtamiyona oilali ishqiboz uchun esa, so‘zsiz, chorasizlikning eng chorasiz ko‘rinishi: Hammasi tirik jon, xotin, bola-chaqasi bilan yemaydimi, ichmaydimi, yurmaydimi, buyog‘i to‘y-aza deganlaridek...

Ovro‘pocha tirikchilik dardini o‘z tanasida his etgan o‘zim guvoh, mavjud vaziyat ikki haftalik O‘yinlarni deb, hatto, ovro‘polik bir oila o‘zining necha yillik jamg‘armasini sarflashiga to‘g‘ri kelarkin, degan xayolga bormaslikka iloj qoldirmagan.

Chidashning darajasi, nazarimda, hatto ishqibozlikni chidaganga chiqarganidan ham oshib tushgan.

Hisob-kitobni ko‘ring...

Image copyright PA

Buyog‘i aynan Yozgi Olimpiada O‘yinlari manzarasida ob-havo, xavfsizlik va ish tashlashlar bilan bog‘liq Londondagi barcha uchun "eng dolzarb" muammolardan ortib, allaqachon Londondagi O‘yinlardan tushajak foydani hisob-kitob qilishga tushib ketganlarni ayting. Beixtiyor, "Beli og‘rimaganning pul sanashini ko‘ring!", deb yuborasan kishi.

Yana gap daromad haqida ketmayaptimi, o‘zlariniki qolib, ummonortidagi banku markazlar ham yeng shimarib, ishga kirishib ketishgan bo‘lsa...

Agar Goldman Sachs ekspertlarining tahlillariga qaralsa, Olimpiya O‘yinlariga mezbonlik qiluvchi davlatlarning sarflagan milliardlab dollarlariga yarasha foyda qilishlari isbot talab qilib bo‘lmaydigan haqiqat: "Tarix - bunga guvoh!".

Ularning aytishlaricha, aynan O‘yinlar sabab naqliyot tizimiyu, yo‘llari ta‘mir ko‘rib, kengayib qolmaydimi (ayniqsa, London misolida aytmaysizmi!) o‘y-joylarning narxlari ham qimmatlamay qolmaydi.

Ammo oylik maoshining yarmidan ko‘prog‘ini shusiz ham morgaj uchun to‘lovchi, shundoq ham butunboshli Ovro‘podagi eng qimmati emasmi, naqd pulga uy-joy olishni (agar lotereya yutib olmasa yoki Qirolicha Viktoriya davrida yashagan bobokalonlaridan qolmagan bo‘lsa), hatto tushida ham ko‘rmaydigan o‘rtamiyona londonlik uchun buning qanchalik xushxabar ekani alohida bir mavzu.

O‘yinlarni shundoq ham boylarini yanada boyitish imkoniyati sifatida ko‘rganlari esa, o‘z bashoratlarini na-da xorij va na-da o‘zlarining hech bir bank yoki markazlarini ovora qilmay, allaqachon shundoqqina internetda yozib qoldirgan, qo‘ygan.

Ammo shunda ham bashorat qilishdan tinmagan Amerikaning bu ko‘ptarmoqli banki O‘yinlar mezbon shaharga xorijiy sayyohlarning qiziqishlarini kuchaytirishi, bu esa mahalliy biznes uchun foydasiz kechmasligiga ham britan aholisini ishontirishga uringan.

Bugun qay bir nashrini ochmang, hatto naqliyot tizimlarida tekin tarqatiluvchisida ham foyda ko‘rayotgan bizneslaridan yo‘qotishga uchrayotgani haqida ko‘proq gapirilayotgan mamlakatda birgina O‘yinlar uchun naq 14 milliard AQSh dollari sarflab qo‘yib, hali o‘zini oqlashga ulgurmagan hukumat uchun, agar soliq to‘lovchilarini ishontirilsa, bu - so‘zsiz, yaxshigina oqlov.

Ammo kun sayin ish o‘rinlari qisqarib, ishsizlar soni ortib, odamlarida maoshlarining oshishiga ishonch so‘nib borayotgani oshkora haqiqat emasmi, hatto, eng muhim ittifoqchilari bo‘lgan Amerika bankiniki bo‘lmaydimi, moliyaviy bashoratlariga baribir ishonmaganlarni "pulga chaqilmaydigan"iga ishontirishga urinayotganlari ham topilgan("Inson faqat non bilan tirik emas"-ku, to‘g‘rimi?): "Uni-buni qo‘ying, uzoqqa borishning hojati yo‘q, mana, birgina Xitoy tajribasi misol, mezbon davlat medallarning ham eng ko‘pini oladi, irimi shunaqa".

Ammo Olimpiada O‘yinlari tarixidagi eng katta va eng og‘ir minglab medallarga sportchilarining soni "bijib ketgan"i bu gal ham oppoq qog‘ozga muhrlangan fakt bo‘lgan o‘sha Xitoyu Amerika, ustiga ustak, medallar jadvalida o‘rin talashishda uzoq yillik Sho‘ro davri tajribasiga ega Rossiya ham ko‘z tikkan emasmi, hatto, bashoratgo‘yining o‘zi ham o‘z bashoratiga o‘zi ishonqiramagandek tuyulgan: "Nima bo‘lsa ham, to‘rtinchi o‘rindan pastda bo‘lmaymiz".

To‘rt o‘rtada talash bo‘layotgan medallar esa, yana Britan qirollik oilasining tengsiz xazinasi saqlanuvchi Tauer qal‘asi "nafasini olgan"ini aytmaysizmi?

Demoqchimanki, qo‘lga kiritgan uchun bir necha asrlik tarixga oshnoyu hamnafas bo‘lishning qoyilmaqom imkoniyati. Yana, "Mezbon davlatga yomon", deb kim aytdi?

Hali bitta mezbonlikni qanday uddalashi kelasi ikki haftalik vaqt hukmiga havola bo‘lgan Britaniya allaqachon velosport bo‘yicha 2016 yilgi Jahon chempionatiga ko‘z tikkan.

Orangizda mezbonlikning foydasini sezgan birovi bormi, a, labbay?