AQShda qurg‘oqchilik tufayli narxlar keskin oshishi mumkin

Image copyright AP
Image caption Kuchli qurg‘oqchilik 31 shtatning 1369 okrugiga jiddiy zarar yetkazgan

AQShda mamlakatning katta hududlarini qamrab olgan qurg‘oqchilik keyingi yil mahsulotlar narxi ko‘tarilib ketishiga olib keladi.

Bu haqda Amerika qishloq xo‘jaligi vazirligi ogohlantirgan.

Vazirlik hisobotlariga ko‘ra, sut mahsulotlari, tuxum va go‘shtning bahosi inflyatsiyadan ham tezroq oshib boradi.

2013 yilda sut mahsulotlari va tuxum 3-4 foizga, go‘sht 5 foizga oshishi kutilmoqda.

Meteorologlarning aytishicha, ayni paytdagi qurg‘oqchilik 1956 yilda bo‘lgan qurg‘oqchilikdan kuchliroqdir.

Makkajo‘xori va soya yetishtiriladigan katta maydonlardagi hosilning nobud bo‘lishi natijasida bu mahsulotlarning narxi allaqachon oshib ketgan.

"Qurg‘oqchilik haqiqatdan Amerika qishloq xo‘jaligiga katta putur yetkazadi. Bu albatta narx-navoga ham ta‘sir qilmay qolmaydi", - deb aytgan qishloq xo‘jaligi departamentining vakili Richard Volpe Reuters agentligiga.

Janob Volpega ko‘ra, kuchli qurg‘oqchilik mamlakatning 31 shtatidagi 1369 okrugiga ta‘sir o‘tkazgan.

Tabiat hodisasidan zarar ko‘rgan bu hududlarga yordam jo‘natilgan.

AQShda mahsulotlarga nisbatan odatdagi inflyatsiya yiliga 2,8 foizni tashkil qilgan, deb xabar beradi Associated Press axborot agentligi.

Amerika qishloq xo‘jalik vazirligining hisob berishicha, ayni paytda mamlakatning uchdan ikki qismida yengil yoki kuchli qurg‘oqchilik davom etmoqda.

Mahsulotlarning narxi oshishi boshqa sohalarga ham ta‘sir qilishidan xavotirlar bor. AQSh makkajo‘xori, soya va bug‘doyning dunyodagi yirik eksportchisi hisoblanadi.