Tog‘li Badaxshonda muzokaralar davom etmoqda

Image caption Tojik-afg‘on chegarasida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Tog‘li Badaxshonda isyonkor dala qo‘mondonlari va hukumat rasmiylari o‘rtasida tanaffuslar bilan muzokaralar davom etmoqda.

Tojikiston hukumati "jinoiy guruhlar"dan qurol-aslahalar bilan birga taslim bo‘lishni va xavfsizlik generalini o‘ldirishda gumon qilingan shaxslarni hukumatga topshirishni so‘ragan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, rasmiylar taqdim etgan ro‘yxatda 17 kishi bor.

Biroq mahalliy aholi bu talabni bajarishdan bosh tortgan. Gumonlangan kishilar masalasini o‘zlari hal qilishlarini aytishgan.

Mahalliy aholiga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari chiqib ketmaguncha, ular berayotgan va‘dalarga ishonishmaydi.

Amerika elchixonasi viloyatda zo‘ravonliklar va insonlar o‘ldirilganligidan xavotirini izhor etgan.

Ovro‘po Ittifoqi Tojikiston hukumatiga murojaat bilan chiqqan.

Unda aloqa vositalari ishini tiklash, Pomirga gumanitar yordamlar uchun yo‘lak ochish va tinch aholini jang maydonidan olib chiqilishini ta‘minlashga, Pomirdagi voqealar mintaqadagi barqarorlikka ta‘sir qilmasligi uchun zarur choralar ko‘rishga chaqirgan.

Tojikistonning bir guruh fuqarolari BMTdan Tog‘li Badaxshondagi siyosiy mojaroni tezroq hal qilinishiga ko‘mak berishni so‘rashgan.

Rossiyaning Interfaks agentligi noma‘lum kishilar Badaxshondagi Rushan tumanida OMONchilarga hujum qilishganidan xabar bergan.

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi fuqarolarini xavfsizlik nuqtai nazaridan Pomirga sayohat qilmay turishni so‘ragan.

Tog‘li Badaxshonda bo‘lgan horijiy sayyohlar Dushanbega ko‘chirilgan.

"Agar bu mojaro keng miqyosda kuchayib ketsa, bu nafaqat hokimiyat va jinoiy guruhlar o‘rtasida, balki hukumat va Badaxshon aholisi bilan qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor.Unda xalq bilan urushishga to‘g‘ri keladi. Tojik hukumati bunga tayyor emas. Bundan uchinchi kuchlar foydalanib qolishi mumkin", - deb aytadi tojik politologi Parviz Mullajonov.

Aholi Xorug‘ga yangitdan qo‘shin kiritilishi haqidagi xabarlardan keyin vahimaga tushgan.

Guvohlar Dushanbedan Xorug‘ga tomon tanklar, yuk mashinalari va harbiylar kolonnasi borayotganini ko‘rganlarini aytishgan.

Biz BBCning Dushanbedagi idorasidan vaziyat haqida so‘radik. Muxbirlarimizga ko‘ra, butun mamlakatga xavotir tarqalgan.

Tog‘li Badaxshon poytaxti Xorug‘dan yuzlab odamlar xavfsiz joylar qidirib qochib chiqmoqda.

Bolalarini boshqa tumanlarga jo‘natishmoqda.

Shu bilan birga, halok bo‘lganlarni tezlikda dafn etilmayotganligi sababli yuqumli kasalliklar tarqalishi haqidagi vahimalar ham paydo bo‘lgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Pomirdagi harbiy amaliyotlar vaziyatni faqat murakkablashtiradi, ayrim buzg‘unchi guruhlarni rag‘batlantirishi mumkin. Yaqinlari o‘ldirilgan tinch aholi ham qo‘liga qurol olishi haqida xavotirlar bor.

Rushan va Xorug‘ shaharlarida kecha kechqurun qisqa muddat telefon aloqasi ulangan. Lekin bugun ertalab yana uzib qo‘yilgan. Bir-biriga qarama-qarshi xabarlarni aloqa vositalari ishlamasligi bois tasdiqlashning ilojisi yo‘q.

Internet tarmog‘i ulanmagan, Xorug‘dagi voqealar aks etgan lavhalar tarqalmasligi uchun butun mamlakat bo‘yicha YouTube saytiga to‘siq qo‘yilgani aytilmoqda.

Bugun Londondagi Tojikiston elchixonasi oldida Tog‘li Badaxshondagi voqealarga nisbatan norozilik namoyishi bo‘lib o‘tishi xabar qilingan.