O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati ochilish marosimiga qanday hozirlik ko‘rmoqda?

Image copyright AFP

Yana sanoqli soatlardan so‘ng Britaniya poytaxti Londonda XXX Yozgi Olimpiada O‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Bu - Londonning uchinchi bor dunyodagi eng yirik sport bellashuviga mezbonlik qilishi bo‘ladi.

Shu paytgacha jahonning hech bir davlatiga bu kabi sharaf nasib etgan emas.

Ochilish marosimida dunyoning ikki yuzdan ortiq davlatidan kelgan minglab sportchilar va sport mulozimlarining ishtirok etishlari kutilmoqda.

Ularning orasida O‘zbekiston Olimpiya hay‘atining o‘nlab a‘zolari ham bo‘lishadi.

Qariyb o‘ttiz million funt sterlingga tushgan tadbir britaniyalik taniqli rejissyor, Oskar mukofoti sohibi Danni Boyl tomonidan sahnalashtirilgan.

Feruza Rahmon allaqachon Olimpiada qishlog‘ida joylashib olgan O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari Jasur Akramovdan ochilish marosimiga so‘nggi hozirliklari haqida so‘ragan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bugun tonggi soatlarda Londonning tarixiy Big Ben idan boshlab, butun qirollik bo‘ylab uch daqiqaga yangragan bonglar bilan allaqachon bir kunlik tantanalar boshlanib ketgan.

Tashkilotchilar O‘yinlarning ochilishini velosipedniki bo‘ladimi yoki cherkovniki, minglab qo‘ng‘iroqlar yordamida butun dunyoga bildirish rejasida edilar.

So‘nggi bir oy davomida butun Britaniya bo‘ylab kezib yurgan Olimpiya mash‘alasi ham o‘z sayohatining so‘nggi bosqichini boshlab yuborgan.

AQSh prezidentligiga nomzod Mitt Romni bo‘lmaydimi, britan hukumati Olimpiada O‘yinlarining muvaffaqiyatiga shubha bildirgan hech kimning fikriga qo‘shilmasligini aytmoqda.

Britaniya Bosh vaziri va London hokimining takror va takror da‘vo qilishlaricha, bu - mamlakatlari uchun tarixiy onlardir va hammasi yaxshi bo‘ladi.

XXX London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga so‘nggi hozirliklar ham xavfsizlik, naqliyot tizimi bilan bog‘liq muammolar va qator ish tashlashlar xavfi ostida kechgandi.

Uzluksiz yog‘ingarchiliklar ortidan o‘tgan bir necha kun biroz yaxshilangan ob-havo esa, bugun, ya‘ni naq Olimpiada O‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi arafasida yana o‘zgargan.

Havo harorati +26 daraja issiq bo‘lishi kutilayotgan esa-da, mutaxassislar sharros yomg‘irlar quyib berishini ham bashorat qilishmoqda.

London 2012: Olimpiya O‘yinlari O‘zbekistonda qanday aks-sado bermoqda?