London 2012: Rishod Sobirov O‘yinlarning bronza medalini qo‘lga kiritdi

Image copyright AFP

O‘zbekistonlik dongdor dzyudochi, o‘z vazn toifasida (-60 kg) ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Bu - hozircha O‘zbekiston hisobidagi ilk medaldir.

O‘zbekistonlik dzyudochilar rasmiy ochilish marosimi ortidanoq o‘z bellashuvlarini boshlab yuborishgandi.

Joriy paytda jahonning 1-raqamli dzyudochisi bo‘lgan Rishod Sobirov so‘nggi Pekin Olimpiada O‘yinlarining ham bronza medali sohibidir.

Dastlabki uch bellashuvida avstriya, venesuela va braziliyalik raqiblarini yer tishlatgan Rishod yarim finalda rossiyalik Arsten Galstyanga yutqazib qo‘ydi.

Ayni shu vazn toifasida oltin medal ham aynan shu dzyudochiga nasib etdi.

O‘zbekistonlik dongdor dzyudochi 2011 yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatidagi g‘alabasi ortidan London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.

26 yoshli Rishod Sobirovning 11 yoshidan boshlab, dzyudo va kurash bilan shug‘ullanishni boshlagani aytiladi.

Rishod yaqinda Frantsiya poytaxti Parijda dunyoning manaman degan dzyudochilari orasida bo‘lib o‘tgan katta shlem musobaqasida 60 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda ketma-ket ikkinchi bor oltin medalini qo‘lga kiritgandi.

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi London Olimpiada O‘yinlari chog‘ida deyarli barcha vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Mirzohid Farmonov (-66 kg), Navro‘z Jo‘raqobilov (-73 kg), Yaxyo Imomov (-81 kg) va Dilshod Choriyev (-90 kg)lar Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni ilk bor namoyon etishadi.

O‘z vazn toifasida ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov va Ramziddin Saidovlar uchun bu ikkinchi Olimpiada O‘yinlari bo‘ladi.

O‘zbekistonlik dzyudochilarning bellashuv kuniga qarab, bosqichma-bosqich Londonga yetib kelishlari aytilmoqda.

Ular 28 iyuldan 3 avgustga qadar har kuni ikki vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash borishadi.

O‘zbekistonlik sportchilar London Olimpiadasida yana erkin va yunon-rim kurashi, boks, batutdan sakrash, badiiy va sport gimnastika bo‘yicha sovrinli o‘rinlarga umid qilishmoqda.

O‘yinlarning rasmiy ochilish marosimi ortidan bo‘lib o‘tgan bellashuvda qozog‘istonlik velopoygachi Aleksandr Vinokurov mintaqadan birinchi bo‘lib oltin medalini qo‘lga kiritdi.