Pussy Riot pank-guruhi qizlari qilgan "xatolaridan afsusda"

Image copyright AFP
Image caption Qizlar o‘zlarining amalida diniy adovat bo‘lmaganini yana ta‘kidlashgan

Rossiyaning Pussy Riot pank-guruhi o‘zlariga qo‘yilgan Iso Masih ehromida bezorilik qilganlik aybini tan olishmagan, biroq dindorlardan chiqishlari uchun kechirim so‘rashgan.

Moskvaning Xamovnik mahkamasida prokuror sud jarayonini internet orqali uzatib borilishini tugatish kerak, degan masalani ko‘targan edi.

Qizlarning himoyachisi Violetta Volkova mahkama uchun ular tomonidan tayyorlangan nutqni ayblov xulosasi o‘qib eshittirilmasidan oldin o‘qilishiga qaror qilgan.

Uchala ayblanuvchi ham sodir etilgan voqeada hech qanday bezorilik yo‘qligini, ular o‘z harakatlari bilan dindorlarni haqorat qilmoqchi bo‘lmaganliklari, balki siyosiy va badiiy g‘oyalarni ko‘targanliklarini bildirishgan.

"Biz ehromdagilarga, cherkov va Xudoga nisbatan hech qanday haqorat so‘zlarini ishlatganimiz yo‘q. Faqat siyosiy vaziyatni yaxshi tomonga qarab o‘zgartirish istagi bo‘lgan", - deb aytgan ayblanuvchi Tolokonnikova.

Qizlarning nutqida sodir etilgan hodisadan afsuslanganlari ta‘kidlangan.

Shu bilan birga, Pussy Riotning boshqa a‘zosi Yekaterina Samutseviya ularni hibsga olinishi fuqarolarning siyosiy faolligini susaytirish uchun qilingan chora, deb hisoblashini bildirgan.

Image caption Mahkamani kuzatishni xohlab ancha kishi kelgan

"Diniy ishoralar bilan adovat uyg‘otish"

Bundan oldin, Rossiya prezidenti qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha kengash Pussy Riot pank-guruhi qarshi ochilgan jinoiy tergov noqonuniy degan xulosaga kelgan. Kengashga ko‘ra, guruh a‘zolarining amallarida ular ayblanayotgan jinoyat yo‘q. "Yagona Rossiya" deputatlari qizlarni boshqa modda bo‘yicha mahkamaga tortish yo‘lida allaqachon jinoiy kodeksga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ishlay boshlaganlar.

Kengash tekshiruviga Ichki Ishlar Vazirligining Moskva shahar bo‘limi tergovchisi Artem Ranchenkovning Pussy Riot guruhi a‘zosi Nadejda Tolokonnikovani bezorilik aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortish qarori asos bo‘lgan. Agar aybdor deb topilsa, Tolonnikova yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Kengashning asosiy maqsadi uchta qizning hibsga olinishi Rossiya qonunlariga naqadar to‘g‘ri kelishi yoki zid ekanini aniqlash bo‘lgan.

Ekspert xulosasiga binoan, "tergovchi o‘z qarori bilan ayblanuvchilar amallariga baho beradi, lekin jinoyat tarkibini tasvirlab bermaydi".

Uning aytishicha, o‘z "pank-ibodatlari"da qizlar "nasroniylik yoki uning muqaddas shaxslariga qarshi nafrat izhor etmaydilar, balki Putin va Gundyayev faoliyatining salbiy taraflariga qarshi chiqib, ularni diniy ideallarga zid amal qilishda ayblaydilar".

Moskva shahrining Tagan tuman mahkamasi chorshanba kuni Pussy Riot guruhining Iso Masih ehromida bezorilikni amalga oshirishda ayblangan uch a‘zosiga qarshi hibs muddatini yana bir oyga cho‘zdirgan.