London 2012: Navro‘z Jo‘raqobilov O‘yinlardagi ishtirokiga yakun yasadi

Image caption O‘zbekistonlik dongdor bokschi, ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini g‘alaba bilan boshladi

73 kg vaznda bugun tatamiga chiqqan va ilk uchrashuvini naurulik raqibiga qarshi g‘alaba bilan boshlagan o‘zbekistonlik taniqli dzyudochi Navro‘z Jo‘raqobilov chorak finalga chiqa olmadi. Navro‘z tojikistonlik raqibi Rasul Boqiyevga yutqazib qo‘ydi.

Dastlabki jangida marokashlik raqibini mag‘lub etib, London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining g‘olibligi uchun o‘z kurashini davom etdirish huquqini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi, ikki karra Jahon chempioni Abbos Atoyev ortidan, uning jamoadoshi Fazliddin G‘oipnazarov ham ilk jangini g‘alaba bilan boshlagan.

1/16 final bellashuvlari doirasida Fazliddin G‘oipnazarov 60 kg vazn toifasida kamerunlik Abdon Yyachinte Mevoliga qarshi ringga chiqdi va raqibini 11:6 hisobida yengib, nimchorak finalga yo‘l oldi.

2 avgustga rejalangan navbatdagi jangida Fazliddin amerikalik bokschi Xose Ramiresga qarshi ringga tushadi.

Rasmiy ochilish marosimining ertasiga - 28 iyul kuni 75 kg vaznda ringga tushgan Abbos Atoyev marokashlik raqibi Badriddin Haddiuyni yengishga muvaffaq bo‘lgandi.

Dastlabki g‘alabasi ortidan, Abbos Atoyev ham 2 avgust kuni ringga tushadi va ruminiyalik bokschi Bogdan Juratoni bilan kuch sinashadi.

Hali yana o‘zbekistonlik uch bokschi dastlabki bellashuvlarini o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi safidan birinchi bo‘lib ringga tushgan Orzubek Shoimov esa, 56 kg.cha bo‘lgan vazn toifasida dastlabki bellashuvini braziliyalik raqibiga boy berib qo‘ygandi.

O‘zbekistonlik sportchilar bugun uch sport turi: dzyudo, suzish va tennis bo‘yicha kurash olib borishadi.

Bundan avval o‘zbekistonlik dzyudochi Mirzoxid Farmonov 66 kg vazn toifasida 1/8 final bahslarida janubiy koreyalik raqibi Cho Jun Xoga yutqazib qo‘yib, O‘yinlardagi ishtirokiga yakun yasagandi.

Dzyudochilarimiz orasida birinchi bo‘lib tatamiga chiqqan ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov esa, O‘yinlarning bronza medalini qo‘lga kiritgandi.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar Ruslan Makarov va Marina Sisoyevalar esa, o‘yinlardagi ishtiroklariga yakun yasashdi.

London Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona sport gimnastikachisi Luiza Galiulina esa, birlamchi doping sinovidan o‘ta olmagani bois, musobaqalardan vaqtincha chetlatildi.

O‘zbekistondan ja‘mi 54 sportchi g‘olib uchun kurash olib borishayotgandi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining uchinchi kuni boshlanarkan, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hozircha bitta medal bilan medallar jadvalida 22-o‘rinda bormoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Qozog‘istonda. Ular ikkita oltin medal bilan medallar jadvalida 7-o‘rinda borishmoqda.

Kecha 57 kg vaznda ayol shtangachilar orasida bo‘lib o‘tgan bellashuvda qozog‘istonlik Zulfiya Chinshahlo Qozog‘iston Olimpiya terma jamoasiga ikkinchi oltin medalini keltirdi.

Ilk oltin medalni esa, qozog‘istonlik velopoygachi Aleksandr Vinokurov olib bergandi.

Medallar jadvalida ikki kun ichida ja‘mi 12 ta medal olishga muvaffaq bo‘lgan xitoyliklar ustunlik qilishmoqda.

Image caption Artur Grigoryan o‘zbekistonlik bokschilarga ishonishini aytmoqda

Boks "qiroli" o‘zbekistonlik bokschilar imkoniyatlari haqida

Professional boksda yengil vazn toifasining barcha asosiy versiyalari bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni Artur Grigoryanga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschilarning London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida kamida bitta oltin medal olishlariga ishonchi komil.

Dongdor bokschining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, O‘zbekiston ko‘plab xalqaro turnirlar va chempionatlarda boks bo‘yicha nimalarga qodirligini amalda ko‘rsatib qo‘ygan.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi London Olimpiada O‘yinlariga eng ko‘p yo‘llanma olgan jamoalardan biridir.

O‘yinlarda O‘zbekistonni olti nafar bokschi namoyon etadi.

Ularning orasida havaskor boksda ikki karra Jahon chempioni Abbos Atoyev, Osiyo O‘yinlari kumush medali sovrindori O‘ktam Rahmonov, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Elshod Rasulov va Fazliddin G‘oipnazarovlar bor.

O‘zbekistonlik bokschilar sovrinli o‘rinlar uchun kurashlarini rasmiy ochilish marosimining ertasi kuniyoq, ya‘ni 28 iyul kuni boshlab yuborishgan.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi hisobida Atlanta, Sidney va Afina Yozgi Olimpiada O‘yinlarining oltin, kumush va bronza medallari bor.

Biz o‘zbekistonlik bokschilarning bellashuvlari manzarasida dongdor bokschini suhbatga chorlab, uning bashoratlari bilan qiziqdik:

Artur Grigoryan: Men ham aynan Abbos Atoyev haqida to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Chunki Abbos London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining oltin medaliga da‘vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan ilk umidlarimizdan biri. Men Abbos bilan bir qatorda O‘yinlarda ishtirok etayotgan boshqa bokschilarimizga ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishlarini tilab qolaman. Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tishim kerakki, bu - boks, bunga tayyor bo‘lish kerak. Ammo O‘zbekiston ko‘plab xalqaro turnirlar va chempionatlarda boks bo‘yicha nimalarga qodirligini amalda ko‘rsatib qo‘ygan. Men London Olimpiada O‘yinlarida bokschilarimiz kamida bitta oltin medal olishadi, deb o‘ylayman. Juft bo‘lishini ham tilab qolaman.

BBC: Lekin so‘nggi Pekin Olimpiadasida bokschilarimizga nima pand berib qo‘ydi, deb o‘ylaysiz?

Artur Grigoryan: Bu - boks. Boksda manaman degan bokschilar ham dastlabki uchrashuvlarini boy berib qo‘yishlari mumkin. Buning qo‘rqinchli yeri yo‘q. Chunki ko‘pchilik baho berganda, boksning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olmaydi. Lekin bu galgi Olimpiada O‘yinlarida medallarimiz ko‘p bo‘lishiga ishonaman va bunga umid qilib qolaman. Ich-ichdan negadir bokschilarimiz kamida bitta oltin medalli bo‘lishadi, degan o‘ydaman.