O‘zbekistonda mahkama "MTS" faoliyatini yana uch oyga to‘xtatdi

Image copyright mts.ru
Image caption 30 millionga yaqin O‘zbekiston aholisining 9 millioni MTS xizmatidan foydalanib kelayotgandi.

Toshkentda mahkama Rossiyaning "MTS" mobil operatorining O‘zbekistondagi shirkati - "MTS-O‘zbekiston" litsenziyasini yana uch oyga bekor qilgan.

O‘zbekiston Kommunikatsiya va Axborot Agentligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent shahar xo‘jalik mahkamasi "MTS-O‘zbekiston" shirkati litsenziyasini o‘n kunga bekor qilish haqidagi dastlabki mahkama qarorini yana uch oyga cho‘zdirgan.

Unda aytilishicha, mahkama qarori shirkat faoliyati litsenziya olish tartibiga muvofiq kelmagani uchun olingan.

Shu yilning 17 iyulida O‘zbekistonda to‘qqiz million mushtariyga ega bo‘lgan "MTS-O‘zbekiston" - "O‘zdunrobita" litsenziyasi o‘n kunga bekor qilingan edi.

Rossiyaning "MTS" mobil operatoriga ko‘ra, "MTS-Uzbekiston" operatorining bank hisoblari ham hozirda muzlatib qo‘yilgan.

"MTS" matbuot xizmati rahbari Yelena Koxanovskayaning BBC bilan suhbatda aytishicha, "MTS" bank rahbariyatidan shirkat hisoblari qanday asosda muzlatilganini izohlab berishni talab qilgan, ammo hozircha javob olmagan.

"Bundan tashqari, 17 iyul kuni mijozlarmizdan kelib tushgan to‘lovlar ham bizning hisobimizga o‘tkazilmagan", - deb aytdi MTS vakili.

U "MTS-O‘zbekiston" faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tekshiruv va tergov harakatlarini MTSni O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarish, deya baholashlarini bildirdi.

Rossiya va boshqa MDH davlatlaridagi yirik telekommunikatsiya operatorlaridan biri sanalgan "MTS"ga tegishli "O‘zdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlagani aytilgan, bungacha esa, uning O‘zbekistondagi rahbari Bekzod Ahmedovning qochib ketgani haqida xabar chiqqan edi.

Ochiq Hissadorlik Jamiyati "O‘zdunrobita" va uning bo‘linmalarida 2004 yildan buyon muntazam ravishda olib borilgan soliq tekshiruvlarida qonunga zid biror bir jiddiy holat aniqlanmaganini ta‘kidlaydi.

Ammo, kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyatini mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorij shirkatlarni tortib olish yo-da, o‘rnini boshqa shirkatlarga bo‘shatish maqsadida turli kamchiliklar topishda ayblaydilar.